Amerika harbiy qo‘mondonligi 29-aprel kuni AQSh qo‘shinlarini Afg‘oniston hududidan olib chiqishni boshlab yubordi. Bu haqda CNN telekanali xabar qilgan.

Foto: Getty Images

“100 ga yaqin harbiylar Afg‘onistonni havo transporti orqali tark etdi”, – deyiladi CNN xabarida.

Ayni vaqtda Afg‘oniston hududida 2,5 mingga yaqin AQSh askarlari xizmat qiladi, shuningdek, maxsus operatsiyalarni amalga oshiradigan yuzlab harbiylar ham mamlakat hududida qolmoqda. Ularning hammasi prezident farmoniga muvofiq Afg‘onistondan chiqib ketadi.

Avval Shimoliy Atlantika alyansi (NATO) shtab-kvartirasi apparatining vakili ham mazkur tashkilotning harbiylari ham Afg‘onistondan chiqib ketishni boshlaganini ma’lum qilgandi.

“Aprel o‘rtalarida NATO ‘Qat’iy ko‘mak’ missiyasi kuchlarining harbiylari 1-maydan boshlab Afg‘oniston hududini tark etishni boshlaydi. Bu tartibli, muvofiqlashtirilgan va har tomonlama o‘ylangan jarayon bo‘ladi”, – degan “Interfaks” nashriga ma’lumot bergan manba.

“Qo‘shinlarimizning xavfsizligi yo‘lning har bir bosqichida asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘ladi va biz xodimlarimizni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz”, – deya qo‘shimcha qilgan NATO vakili.

Shuningdek, alyans xodimi dastlabki bosqichda tashkilotning Afg‘onistonda qancha harbiy askari borligi va ularning qanchasi mamlakatdan chiqib ketgani haqida tafsilotlar berib borilmasligini qayd etgan.

“Qo‘shinlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketish vaqtida ‘Tolibon’ tomonidan amalga oshirilgan har qanday hujumga keskin javob qaytariladi. Biz askarlarni olib chiqib ketishni bir necha oy ichida tugatishni reja qilganmiz”, – deya ta’kidlagan NATO rasmiysi.

Avval AQSh davlat departamenti amerikaliklarga Afg‘oniston hududiga bormaslikni, u yerdagi fuqarolarga esa mamlakat hududidan iloji boricha tezroq chiqib ketishni tavsiya qilgandi. Idora Afg‘onistondagi asosiy xavf koronavirus, jinoyatchilik, terrorchilik tashkilotlari, odam o‘g‘irlash bilan bog‘liq fuqarolar hayotiga tahdid soluvchi xavotirlar va qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lishining ehtimoli sabab shunday tavsiyalar bergan.

AQSh prezidenti Jo Baydenning administratsiyasi Afg‘oniston hududidagi harbiylarni olib chiqib ketishni 1-mayda boshlab, 11-sentabrda yakunlamoqchi. Avvalgi administratsiya ham Afg‘onistondagi harbiylarni 1-mayda olib chiqib ketishni boshlash borasida “Tolibon” bilan kelishib olgandi. Endi “Tolibon” Baydenning mazkur qarorini avvalgi kelishuv shartlarini buzish deb hisoblamoqda va bunga nisbatan javob harakatlari amalga oshirilishini bildirgan.