Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati faollari bilan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Yangi Andijon shahri haqida to‘xtalib o‘tdi, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Xabarlaringiz bor, kecha Andijon tumanidagi 4 ming gektar adirlik yerlarda barpo etiladigan Yangi Andijon shahriga tamal toshini qo‘ydik. Ushbu yangi shaharda jami 130 mingdan ortiq kvartirali ko‘p qavatli uylar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari, sanoat zonalari, yashil hududlar va infratuzilma obyektlari quriladi” — dedi Prezident.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yangi Andijon loyihasi – aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish bilan birga, ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish orqali viloyatni rivojlantirish bo‘yicha yangi drayver bo‘ladi. Jumladan, qurilish materiallari, elektrotexnika, mebelsozlik, to‘qimachilik, poliester va sun’iy tola ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratiladi.

Ta’kidlanishicha, mazkur ulkan bunyodkorlik ishlari 8 ta bosqichda amalga oshirilib, qurilish jarayonida 10 mingta yangi ish o‘rni, shahar qurilishi yakunlanganidan keyin esa sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida qariyb 100 mingta yangi ish joyi yaratiladi.

“Umurzoqov, Qo‘chqorov Yangi Andijon loyihasining kommunikatsiya tarmoqlarini qurishni boshlash uchun alohida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar ajratadi. Shulardan kelib chiqib, 2022-yil 1-martdan boshlab Andijon tumani tarkibida Yangi Andijon shahri tashkil etiladi. Zamonaviy fikrlaydigan, dunyoqarashi keng, fidoyi yoshlardan birini hokim qilamiz.

Mahkamov Yangi Andijon hududiga tezkor transport qatnovini tashkil qilish maqsadida bir oy muddatda taklif kiritsin. Ramatov, Zokirov uch oy muddatda Toshkent shahrida va Andijonda Turkiyaning tajribali loyiha kompaniyalari filiallarini tashkil etib, mutaxassislarni o‘qitish ishlarini yo‘lga qo‘ysin”, — deydi Prezident.

Avvalroq Andijonda “Mashinasozlik va elektrotexnika sanoat xabi” maxsus zonasi tashkil etilishi, viloyatdagi iqtisodiy kompleksning barcha rahbar xodimlari ishdan olinib, uch oy muddatga vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.