Bugundan Andijon viloyatidagi iqtisodiy kompleksning barcha rahbar xodimlari ishdan olinib, uch oy muddatga vazifasini bajaruvchi etib tayinlanadi. Bu haqda ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyat faollari bilan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda davlat rahbari ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

“Hozirgi kunda viloyatdagi mahallalarning aksariyati o‘zining ‘o‘sish nuqta’larini aniqlab olgan bo‘lishiga qaramay, 100 ta mahalla haligacha o‘z ixtisoslashuv yo‘lini topmagan. Shu bois, 200 ta mahallani rivojlantirishga viloyat hokimligi va iqtisodiy kompleks mas’ul bo‘ladi.

Bugundan iqtisodiy kompleksning barcha rahbar xodimlari ishdan olinib, uch oy muddatga vazifasini bajaruvchi etib tayinlanadi. Iqtisodiy kompleks va tijorat banklari barcha xodimlari idoraga kirmasdan uch oy ichida mazkur mahallalardagi har bir xonadonga kirib, aholining turmush sharoiti, istak-xohishi va imkoniyatlarini o‘rganib chiqadi. Shunga ko‘ra, ularga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun biznes-reja qilib beradi.

Umuman tadbirkorlik qo‘lidan kelmaydigan oilalarga 100 tadan tovuq beriladi. Viloyat hokimi Abdurahmonov ushbu mahallalarning har biriga salohiyatli tadbirkorlarni biriktiradi. Bunday tadbirkorlarga banklar tomonidan 3 yil muddatga 10 foizdan kredit ajratiladi va ulardan garov talab qilinmaydi.

Bu kreditlar uchun Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kafillik beradi. Ushbu maqsadlar uchun 200 ta mahallaga 400 milliard so‘m, ya’ni har bir mahallaga 2 milliard so‘mdan alohida resurs ajratamiz. Bunda eng og‘ir ahvoldagi mahallalar inobatga olinib, ularning ahvolini yaxshilaymiz, rivojlantiramiz”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu ishlarga bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, moliya vaziri Timur Ishmetov, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov, Ikramov, Andijon viloyati hokimi Shuxrat Abdurahmonov va tijorat banklari rahbarlari shaxsan mas’ul bo‘ladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrifini Izboskandagi to‘qimachilik korxonasini borib ko‘rgani, Andijonda metall konstruksiyalar korxonasi tashkil etishga ko‘rsatma bergani hamda Izboskan tumanidagi “Rustamjon Zamin rivoji” fermer xo‘jaligi dalasida g‘alla hosilini ko‘rgani haqida xabar berilgandi.