Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Chuy viloyati fermerlari hukumat binosi yonida namoyish o‘tkazdi, ular suv resurslarining taqsimlanishi yuzasidan norozilik bildirmoqda, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Foto: Kaktus Media

Kloop nashrining yozishicha, aksiyada 300 dan ortiq qishloq aholisi qatnashgan, ular dalalarda ekinlar nobud bo‘layotganini aytib, hukumatdan qurg‘oqchilikka e’tibor qaratishni so‘ragan.

“Sug‘orma suvlar bilan dalalar tartibga solinsin. Agar suv bo‘lmasa, hosildan ayrilamiz. Arpa, bug‘doy qurib qoldi. Ularni ekish uchun kredit olgandik. Endi nima qilishimiz kerak?” — dedi dehqonlar g‘azab bilan.

Namoyishchilar yaqin yetti-o‘n kun ichida sug‘orilmasa, ekinlar to‘liq qurib ketishini ta’kidladi. Bu nafaqat hosilni yo‘qotish bilan, balki Bishkekda yem-xashak bilan bog‘liq muammolarni ham keltirib chiqaradi. O‘tgan haftaning oxirida dehqonlar shunga o‘xshash bayonot bilan chiqishgan, ammo dalalarga suv yetkazib berilmagan.

Bundan tashqari, miting ishtirokchilari mamlakat rasmiylari Qozog‘iston va O‘zbekistonga suv yuborayotganidan norozilik bildirdi, deb yozadi nashr.

Elektr energiyasini suvga ayirboshlash 

Qirg‘izistonning “Elektr tarmoqlari” kompaniyasi 1-iyundan boshlab O‘zbekistonga va Qozog‘istonga suv oqizib yuborilayotganini tasdiqladi. Qirg‘iziston Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan 1,65 milliard kVt/soat elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv shartlarini bajarishni boshlagan. Kelishuvga ko‘ra, Qirg‘izistonga Qozog‘iston tomoni 900 million kVt/soat, O‘zbekiston tomoni esa 750 million kVt/soat elektr energiyasini yetkazib beradi. Buning evaziga Qirg‘iziston 2023-yilga qadar yoz oylarida ikki mamlakatga suv yuboradi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risidagi bitimlar 2021-yilning mart oyida imzolangan, bitim “To‘qtag‘ul suv omborining suv resurslarini saqlab qolish, aholini va mamlakat iqtisodiyotini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash va 2021—2022-yil kuz-qish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazishni maqsad qilgan”.

Kelishuvlarga binoan, Qirg‘iziston iyun oyining oxiriga qadar Qozog‘istonga To‘qtag‘ul suv omboridan 77 million kubometr suv yuborishi va 70 million kVt/soat elektr energiyasi qabul qilib olishi kerak. Bu haqda may oyi oxirida Qozog‘iston Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi va Qirg‘iziston vazirliklari vakillarining uchrashuvida muhokama qilingan.

Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vazirining o‘rinbosari Serik Kojaniyozovning aytishicha, mamlakat Qirg‘izistonga 300 million kVt/soat elektr yetkazib bergan. Qirg‘iziston tomoni buning haqini 1-iyundan qaytarishni boshlashi va 31-avgustgacha to‘liq to‘lashi kerak, shuningdek, iyun–avgust oylarida qo‘shimcha ravishda 330 million kubometr suv yuborishi kerak.

“O‘zbekiston Qirg‘izistonga 250 million kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berdi, uni iyun–avgust oylarida qaytarib oladi, va shu bilan birga, 275 million kubometr suv ham oladi”, — deb qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Shunday qilib, To‘qtag‘ul suv omboridan chiqarilgan umumiy suv miqdori Qozog‘istonga 660 million kubometrni va O‘zbekistonga 275 million kubometrni tashkil etadi — bu jami 935 million kubometr bo‘ladi.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston bilan elektr energiyasi almashinuvi doirasida Qozog‘iston va O‘zbekiston To‘qtag‘ul suv omboridan chiqariladigan suv tranziti bo‘yicha Tojikiston bilan ham kelishib olgan. Agar zarurat tug‘ilsa, mamlakatlar Tojikiston bilan Bahri Tojik suv omboridan qo‘shimcha suv chiqarish imkoniyatlari to‘g‘risida kelishib olishi mumkin.

To‘qtag‘ul suv ombori.

To‘qtag‘ul suv ombori.
Foto: tazabek.kg

Deputatlar ham kelishuvdan norozi

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Ulug‘bek Maripov 17-iyun kuni parlamentning agrar siyosat, suv resurslari, ekologiya va hududlarni rivojlantirish qo‘mitasi yig‘ilishida sug‘orish suvi bilan bog‘liq vaziyat uning shaxsiy nazorati ostida ekanini aytdi.

“Men fermerlarni tushunaman va juda afsusdaman. Ular Amerikadan urug‘ olib kelgandi. Ammo biz ushbu muammolarni hal qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Fermerlarning o‘rnida bo‘lganimda, men ham namoyishga borgan bo‘lardim”, — dedi u.

“Gazeta.uz” qayd etishicha, deputat Kenjabek Boqoyev Qirg‘iziston suv omborlaridan suv chiqarishni to‘xtatish kerak, degan fikrda. Uning so‘zlariga ko‘ra, suv taqchil bo‘lgan davrga qaramay, Qirg‘iziston Respublikasi suvni qo‘shni mamlakatlarga yuborishda davom etmoqda.

Ulug‘bek Maripov bundan buyon Qirg‘iziston elektr energiyasini faqat naqd pulga sotib olishini ta’kidladi.

“Elektr energiyasini import qilish orqali biz To‘qtag‘ulda 600 million kubometr suvni tejab qoldik. Biroq elektrni naqd pulga sotib olish kerak, degan fikrga qo‘shilaman. O‘zi men ayriboshlashga qarshi bo‘lgandim. Ammo sobiq vazir Turdubayev bunga ko‘ndirgandi. Bilasizmi, qo‘shnilarda ham suv tanqisligi mavjud”, — deya qo‘shimcha qildi hukumat rahbari.

Deputat Zamirbek Esenamanovning aytishicha, Qozog‘iston va O‘zbekistonga elektr energiyasini yozda qaytarish bo‘yicha kelishuvlar tufayli Qirg‘iziston suv omborlarida to‘plangan suvni yo‘qotmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni davlatlardan keltirilgan elektr energiyasini 1-oktabrdan qaytarishga kelishish kerak edi.

“Shartnoma noto‘g‘ri tuzilgan. Yozda elektr energiyasini qaytarishning hojati yo‘q. Hozir elektr energiyasi ishlab chiqarilishi tufayli suvni yo‘qotyapmiz. Biz suv omborlarini to‘ldirishimiz kerak. Elektr energiyasini oktabrdan qaytarish to‘g‘risida qo‘shni davlatlar bilan muzokaralar olib borish lozim”, — dedi xalq deputati.

Vazirlar Mahkamasi rahbari Ulukg‘ek Maripov fermerlarga mavsum davomida suvsizlikdan yetkazilgan zararni qoplash rejalashtirilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi zararni hisoblab chiqadi.

“Men ilgari ekilgan donni yig‘ib olish mumkin bo‘lgan maydonlarni shaxsan borib ko‘rdim. Umuman olganda, ahvol yomon. Shuningdek, oziq-ovqat bilan bog‘liq muammo ham mavjud. Shuning uchun odamlar chorva mollarini sotishni boshladi. Ularning narxi ham tushib ketdi. Shuning uchun biz chorva mollarini eksport qilishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilmoqchimiz. Odamlar yem-xashak mahsulotlarini sotish va sotib olishga ulgurishi kerak. Shuningdek, mollarni ham saqlab qolishimiz kerak”, — dedi u.

O‘zbekiston bilan shartnoma

15-mart kuni O‘zbekiston energetika vazirining o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida Qirg‘iziston bilan imzolangan elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish to‘g‘risidagi kelishuv tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston o‘z ehtiyojlarini qoplash maqsadida qishda GESlarning ishlashi uchun ko‘proq suv chiqara boshlagan. Bu, o‘z navbatida, yozda, O‘zbekiston suvga muhtoj bo‘lganida, suv omborlarida suv sathining pasayishiga olib keldi.

“Yozda biz suvga muhtoj bo‘lamiz, ammo ularning suv omborida suv yo‘q. Ular qishda elektr energiyasiga ehtiyoj sezadi. Biz kelishib oldik: elektr energiyasining ma’lum qismi ortib qolganida uni Qirg‘izistonga yetkazib beramiz, yozda uch oy ichida ular bizga qaytarib beradi. Demak, gidroelektr stansiyalari ishlaganda Norin va Sirdaryoga suv quyiladi. Bu Farg‘ona vodiysi, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari qishloq xo‘jaligiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu biz topgan eng oson va tezkor usul”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Mamlakatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energetik inqiroz haqida xabar berilganda Qirg‘iziston O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan shartnoma imzoladi.

O‘zbekiston ham suv resurslari taqchilligiga duch kelmoqda. Fevral oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi yig‘ilishda 2021-yilgi sug‘orish mavsumi uchun suv ta’minoti 25 foizga pastroq bo‘lishi haqida xabar berilgan edi. 1-oktabrgacha suvni tejaydigan texnologiyalar uchun polietilen va polipropilenga import boji bekor qilindi. Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, Suv xo‘jaligi vazirligi rahbari va hokimlar zimmasiga 10 milliard kubometr suvni tejash vazifasi yuklatilgan.

Samarqanddagi va Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi bir qator mahallalarda suv vaqtincha jadval asosida yetkazib berilmoqda. Bu ichimlik suvi ta’minotining cheklangani, yerosti suvlari zaxiralarining yetishmasligi, shuningdek, suv iste’mol qilish hajmining oshishi bilan bog‘liq.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Virtual kartalar nima va ulardan qanday qilib to‘g‘ri foydalanish mumkin?
Dunyo
Twitter ofisida xodimlar uchun karavotlar paydo bo‘ldi, Ilon Mask avvalroq me’yoridan ortiqcha ish bo‘lishi haqida ogohlantirgandi
Mahalliy
Xorazmda ikki kishi is gazidan vafot etdi