Buxoro viloyatida o‘zida OIV infeksiyasi borligini bila turib bir erkak bilan himoya vositalarisiz jinsiy aloqada bo‘lgan ayol aniqlandi. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyatning Jondor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Vobkent tumanida yashovchi 34 yoshli S.D. ismli ayol 2019-yilning may oyidan beri OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxs sifatida viloyat OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan ro‘yxatga olingan. U OIV infeksiyasini boshqa shaxslarga yuqtirish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi to‘g‘risida bir necha marotaba yozma ravishda ogohlantirilgan. Shunga qaramay, ayol Jondor tumani “Dalmunobod” mahallasidagi xonadonlardan birida fuqaro S.Sh. bilan himoya vositasisiz jinsiy aloqada bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov guruhi tomonidan S.D. ismli ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 113-moddasi (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ushbu ayolning boshqa shaxslar hayoti va salomatligini xuddi shu kabi xavf ostiga qo‘ygan-qo‘ymaganini aniqlashga qaratilgan dastlabki tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq Buxoroda o‘ndan ortiq fuqaroga qasddan OIV infeksiyasini yuqtirgan ayol qamoqqa olingani, Buxoroda ikki ayolga OIV infeksiyasini qasddan yuqtirgan yigitga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Buxoro shahrida OIV infeksiyasini o‘ziga tanish ayolga yuqtirgan erkak ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.