O‘zbekistonda 2020-yil 1-noyabr holatiga OIV infeksiyasi bilan yashovchilar soni 43 581 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori Qahramon Yo‘ldoshevga tayanib xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

2019-yilning mos davrida ushbu ko‘rsatkich 42 098 kishini tashkil etgan. Shunday qilib, o‘tgan bir yil ichida kasallikka chalinganlar soni 1483 kishiga ortgan. Bu undan oldingi yilga nisbatan sezilarli darajda kam — 10 oy ichida 3337 kishida OIV infeksiyasi aniqlangan edi.

Ta’kidlanishicha, hozirda mamlakatda 78 ta OIV diagnostika laboratoriyasi faoliyat olib bormoqda, ulardan 15 tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari va 63 ta tumanlararo laboratoriya. Ushbu laboratoriyalarda IFA, immunoblot, PSR, immunologik, klinik, biokimyoviy va bakteriologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. Davlat tomonidan laboratoriyalarni test-sistema va reagentlar bilan ta’minlash uchun har yili 8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilmoqda.

Qahramon Yo‘ldoshevning qayd etishicha, OIV aniqlangan shaxslarni davolashning dunyoda tan olingan usuli — retrovirusga qarshi davolash bo‘lib, respublikada bemorlarning 70 foizdan ortig‘i ushbu davolash usuli bilan qamrab olingan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya vaqtida chet eldan kelgan 261 394 nafar mehnat muhojiri OIV infeksiyasiga tekshiruvlar bilan qamrab olingan. OIV aniqlangan holatlarda dispanser nazoratiga olingan. Ularning soniga aniqlik kiritilmagan.

1-dekabr butun dunyoda Xalqaro OITSga qarshi kurashish kuni nishonlandi. BMT Birlashgan dasturining yangi hisobotiga ko‘ra, 2019-yilda 1,7 million odam o‘zida OIV/OITS borligidan xabar topgan. 690 ming kishi OITS va unga bog‘liq kasalliklardan vafot etgan. Dunyoda 38 million odam OIV bilan yashamoqda, ularning 12 millioni hamon davolanishini kutyapti.

Koronavirus OITSga qarshi kurashni yanada murakkablashtirgani va 2020-yilga mo‘ljallangan ko‘rsatkichlar bajarilmayotganligi sabab UNAIDS mamlakatlarni sog‘liqni saqlash sohasidagi kam investitsiyalardan saboq olishga va OITS hamda boshqa pandemiyalarga qarshi global harakatlarni tezlashtirishga chaqirgan.