Namanganda ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, o‘zga ayol bilan yashab kelgan OIV infeksiyasiga chalingan 25 yoshli erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 9-noyabr kuni IIB JQB Giyohvand moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish bo‘limi OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish guruhi vakili tomonidan Namangan viloyati OITSga qarshi kurashish markazida hisobida turgan Uychi tumanida yashovchi 25 yoshli fuqaro ushlangan. Unga hayoti davomida donor sifatida qon topshirmasligi, turmush o‘rtog‘idan boshqa ayollar bilan jinsiy aloqada bo‘lmasligi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilgan bo‘lsa-da, u ushbu talablarga rioya qilmagan.

Xususan, oktabr oyi boshidan 3-noyabr kunigacha Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan ayol bilan Namangan shahrida yashab, u bilan jinsiy aloqada bo‘lib kelgan. Uni OIV kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirgan.

Ushbu holat bo‘yicha shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan 16-noyabr kuni Jinoyat kodeksining 113-moddasi (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Namanganda OITSga chalinganini bila turib, erkaklar bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan ayolga jinoiy ish qo‘zg‘atilmagani, Buxoroda esa OIV infeksiyasini o‘ziga tanish ayolga yuqtirgan erkakka jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.