Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida Turkiya davlatiga borib ishlash uchun “Olx.uz” sayti orqali yo‘l qidirgan 34 yoshli fuqaroni chuv tushirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 34 yoshli M.I. Turkiyaga borib ishlash to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rasmiy mehnat agentliklari orqali emas, balki “Olx.uz” orqali izlagan. O‘z navbatida M.I. saytda “Turkiya davlatiga ishga yuborimiz” nomli e’longa duch kelgan va Jamshid ismli shaxs bilan tanishib qolgan.

M.I. e’lonni joylashtirgan shaxs bilan muloqotga kirishgan va u erkakka Turkiyaga ishga yuborib, oyiga 1000—1500 AQSh dollari miqdorida oylik maosh to‘laydigan ish o‘rni topib berishni va’da qilgan. Jamshid buning uchun M.I.dan Turkiya davlatiga borish uchun viza va yo‘l xarajatlari uchun avvaldan 500 AQSh dollari zarurligini bildirgan.

M.I. tanishlaridan 1,5 million so‘m mablag‘ to‘plagan va ushbu pullarni o‘zi biron marotaba yuzma-yuz ko‘rib gaplashmagan, faqat Telegram ijtimoiy tarmog‘ida yozishmalar orqali tanishgan Jamshidning plastik kartasiga tashlab bergan. Jamshid mablag‘ni qo‘lga kiritgandan so‘ng M.I. bilan o‘zaro yozishmalarni o‘chirib tashlagan va u bilan aloqani to‘xtatgan.

Jabrlanuvchining Prezident portaliga yo‘llagan murojaati Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahar IIO FMB tomonidan ko‘rib chiqilib, noma’lum shaxsga nisbatan firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davomida Jamshidni aniqlashning imkoni bo‘lmagan.

Fuqaro M.I.ning Prezident portaliga murojaati ijobiy hal etilishini ta’minlash va Jamshid ismli shaxsning jinoiy harakatlariga chek qo‘yish orqali fuqarolarning undan jabr ko‘rishining oldini olish maqsadida mazkur jinoyatni sodir etish usullari Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan Farg‘ona shahar IIO FMBga borib o‘rganib chiqilgan.

Jinoyatni sodir etish uslublari tahliliga tayangan holda o‘tkazilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida, ushbu firibgarlik jinoyati Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida yashovchi, 24 yoshli T.J. tomonidan sodir etilgani aniqlanib, qo‘lga olingan.

Natijada T.J.ning “Olx.uz” platformasidagi jinoiy faoliyatiga barham berilgan, hozirda unga nisbatan Farg‘ona shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda qalbaki valyutalar evaziga telefon xarid qilib, o‘nlab fuqarolarni chuv tushirgan shaxs qo‘lga olingani, Samarqandda fuqaroni 50 ming dollarga chuv tushirgan advokat ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Qashqadaryoda 14 yoshli qizning “boshini aylantirib”, otasiga tegishli 7,3 ming dollarni qo‘lga kiritgan yigit ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.