Samarqandda Hajga qoradori olib borayotganda qo‘lga tushgan fuqaroga nisbatan qo‘llanilgan jazoni yengil turiga o‘zgartirib, ozodlikka chiqarib berishni va’da qilgan va xizmati uchun 50 ming dollar olgan advokat ishini sud ko‘rib chiqishni boshladi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat prokuraturasi axborot xizmati ma’lum qildi.

2017-yilning 11-avgust kuni Samarqand xalqaro aeroportida Hajga ketayotgan samarqandlik Sh.A.ning bagajlaridagi quritilgan non bo‘laklarida 72 gramm opiy borligi aniqlangandi. Shundan so‘ng Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining 2018-yil 13-fevraldagi hukmi bilan Sh.A. Jinoyat kodeksining 276-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi, 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bilan aybli deb topilib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sh.A.ning kuyovi Sh.H. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, 2018-yilning sentabr oyida “Samarqand qonun ustuvorligi” advokatlar hay’ati xizmat xonasida o‘sha davrda ushbu hay’atda advokat bo‘lgan, hozirgi vaqtda Toshkent shahar “Shuhrat-himoya” advokatlik firmasi advokati M.Sh. Sh.A.ning jazosini boshqa yengil turdagi jazoga o‘zgartirib, ozodlikka chiqarib berishni va’da qilib, uning yaqinlaridan 50 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligini ma’lum qilgan.

Arizada jabrlanuvchi firibgarlik yo‘li bilan pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan advokatga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va yetkazilgan moddiy zararni undirishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan 2020-yilning 1-dekabr kuni viloyat prokurori Ravshan Masharipov tomonidan advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilgan. 2021-yilning 1-mart kuni advokat M.Sh. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan. Unga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasi prokuror tomonidan tasdiqlanib, Jinoyat-protsessual kodeksining 388-moddasi tartibida ko‘rib chiqishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga yuborilgan.