Belarusning Vitebsk shahrida 3-iyun kuni Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin va Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Ivan Tertel o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda maxsus xizmatlar rahbarlari G‘arbning Ittifoq davlatiga nisbatan buzg‘unchi faoliyatiga qarshi birgalikda kurashishga kelishib oldi, deb yozmoqda “Interfaks”.
“Rossiya Tashqi razvedka xizmati va Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi an’anaviy qardoshlik munosabatlari ruhida Ittifoq davlati hududidagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni chigallashtirishga intilayotgan G‘arbning buzg‘unchi faoliyatiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikda faoliyat olib borishga kelishib oldi”, — deb xabar berildi Davlat xavfsizlik qo‘mitasi saytida.
Shuningdek, qo‘mita xabarida ma’lum qilinishicha, “Rossiya va Belarus masalasida AQSh va G‘arb davlatlarining tajovuzkor siyosati sharoitida, maxsus xizmatlar rahbarlari Rossiya va Belarus milliy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning natijalari va istiqbollarini muhokama qildi”.
“Uchrashuvda global muammolar va Ittifoq davlatining xavfsizligiga bo‘ladigan yangi tahdidlarga qarshi kurashda Moskva va Minskning salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning birlashtirilishi muhim ekani qayd etildi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenkoning Sochida ikki kun davom etgan muzokaralari yakunlari haqida gapirib bergan edi. Ular, xususan, Ryanair samolyotining Minskka favqulodda qo‘nishi va buning oqibatida Belarusning Belavia aviakompaniyasi uchun joriy qilingan cheklovlar, Belarusga Rossiya kreditining ikkinchi transhi ajratilishi, shuningdek, Minskda rossiyalik Sofya Sapeganing qo‘lga olinishini muhokama qilgan.
Shuningdek, Vladimir Putin Belarusdagi hamkasbi Aleksandr Lukashenkodan Amerika rahbari Jo Bayden bilan uning ruxsatisiz Belarusdagi vaziyatni muhokama qilgani uchun uzr so‘radi.
Izoh (0)