Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko “Belarus Respublikasining milliy xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Xususan, unga ko‘ra, militsiya xodimlari ommaviy tartibsizliklar ishtirokchilariga qarshi harbiy va maxsus jihozlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ldi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: AP Photo

Qonunda xavfsizlik xodimlarining jismoniy kuch ishlatishi, qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnika vositalaridan foydalanish shartlari, chegaralari, shuningdek, tintuv o‘tkazish qoidalari hamda muayyan huquq va majburiyatlari belgilab berildi. Qonun bir oydan keyin rasman e’lon qilingach, kuchga kiradi.

Qonunga muvofiq, agar qurol-yarog‘ va maxsus vositalardan foydalanish xavfsizlik organlarining faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarning talablariga muvofiq amalga oshirilgan bo‘lsa, militsiya xodimlari buning oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi.

Shuningdek, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida militsiya xodimlari fuqarolarning protsessual harakatlarni video, kino va fototasvirga tushirishini, shuningdek, xizmat paytida atrof-muhitni, fuqarolarni ovozli va videoyozuvga muhrlashini taqiqlash huquqiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, militsiya xodimlariga hibsga olish vaqtida fuqarolarni, ularning buyumlarini va mashinalarini tekshiruvdan o‘tkazish vakolati beriladi. Shuningdek, qonunda ichki ishlar organlariga shaxslarning yozma roziligisiz axborot tizimlaridan, shu jumladan, shaxsiy ma’lumotlardan hech qanday to‘siqsiz foydalanish huquqini taqdim etish to‘g‘risidagi taklif mavjud.

Qonun yangiliklari orasida ichki ishlar organlarini harbiylashtirilgan tashkilotlar qatoriga kiritish, ichki ishlar organlari funksiyalarini amalga oshirishning oshkoraligini cheklash, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmalari hamda fuqarolik va migratsiya bo‘yicha hududlararo birliklarni yaratish kabi takliflar berilgan.

Shuningdek, prezident sudyalar, hukumat soqchilari va politsiya davlat tomonidan himoya qilinishi to‘g‘risidagi qonunga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ushbu o‘zgartirishlar qonunning prezident huzuridagi Operativ-tahlil markazining harbiy xizmatchilari va fuqarolik xizmatchilariga nisbatan amal qilishining kengaytirilishini nazarda tutadi. Xususan, agar qo‘riqlanayotgan shaxslar boshqa vositalar bilan himoya qilish mumkin bo‘lmagan holda, qonun ularga tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish uchun ruxsat beradi.

Avvalroq Lukashenko “Suverenitet va konstitutsiyaviy tuzum himoyasi to‘g‘risida”gi dekretni (qonun kuchiga ega bo‘lgan qaror, farmoyish) imzolagan edi. Ushbu hujjat davlat rahbarining suiqasd, terrorchilik harakati, tashqi tajovuz va boshqa zo‘ravonlik harakatlari natijasidagi o‘limi yuz bergan taqdirda, barcha davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari Xavfsizlik kengashi (uning majlislarida bosh vazir raislik qiladi) qarorlariga muvofiq harakat qilishini ko‘zda tutadi.

Shuningdek, Lukashenko uning hayotiga suiqasd qilish va davlat to‘ntarishini tayyorlashga oid ish bo‘yicha yangi ma’lumotlarni e’lon qilishga va’da bergandi. Lukashenko avval e’lon qilingan ma’lumotlar voqealarning kichik bir qismi ekanini va odamlar tafsilotlar bilan to‘liq tanishsa, “hayratga tushishi”ni ta’kidlagandi.