Eron harbiy dengiz kuchlarini qo‘llab-quvvatlovchi Kharg kemasi Ummon ko‘rfazi janubidagi Jask porti qirg‘og‘ida yong‘inga uchrab cho‘kib ketdi. Bu haqda ikkinchi dengiz zonasi matbuot xizmatiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Twitter

Dengiz kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy kema xalqaro suvlarda o‘quv amaliyoti bajarayotgan paytda uning tizimlaridan biri yonib ketgan.

“Ular 20 soat davomida yong‘inni o‘chirishga harakat qildi, ammo alanga harbiy kemaning turli qismlariga yoyilib, oxir-oqibat kema cho‘kib ketdi”, — deyiladi xabarda.

Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, kemada yong‘in boshlangandan so‘ng butun ekipaj evakuatsiya qilinib, qirg‘oqqa olib chiqilgan. Yong‘inning sabablari hali aytilmagan.

Reuters va Associated Press xabarlariga ko‘ra, Kharg Eron dengiz flotidagi eng katta kema edi. U dengizda boshqa Eron kemalarini yetkazib berish bilan bir qatorda og‘ir yuklarni tashish bilan shug‘ullangan, shuningdek, vertolyotlarni uchirish nuqtasi bo‘lgan.

Buyuk Britaniyada qurilgan Kharg 1977-yilda suvga tushirilgan. 1984-yilda Eron dengiz flotiga olib kelingan.