Turkiyaning Istanbul shahridagi Bosfor bo‘g‘ozi ma’muriyati neft quyuvchi tankerning avariyaga uchragani sababli kemalar harakatini cheklab qo‘ydi. Tanker sohildan 300 metr uzoqda to‘xtatilgan, deb yozmoqda Sabah.
249 metrli RAVA tankeri shatakchi kema yordamida bo‘g‘oz orqali suzib o‘tgan. Kutilmaganda uning dvigateli ishlamay qolgan va kema qirg‘oqqa yaqinlasha boshlagan.
Sohil xavfsizligi bosh boshqarmasining shatakka oluvchi kemalari tankerni to‘xtatishga yordam berdi.
Xavfsizlik nuqtayi nazaridan bo‘g‘oz orqali harakatlanish to‘xtatildi. Tankerga qo‘shimcha shatakka oluvchi kemalar yordamga kelmoqda.
Avvalroq Nigeriyaning Kebbi shtatida Niger daryosi bo‘ylab yo‘lovchilarni olib ketayotgan kema ag‘darilib ketgani va buning natijasida 156 kishi bedarak yo‘qolgani, ular cho‘kib ketgan deb hisoblanayotgani haqida ma’lum qilingandi.
Shuningdek, aprel oyida Bangladeshda bortida 50 kishi bo‘lgan qayiqning boshqa paromga to‘qnashib ketishi natijasida yo‘lovchilarning besh nafari halok bo‘lgan edi.
Rossiyaning Leningrad viloyati, Otradnoy shahridagi “Pella” kemasozlik zavodida qurilayotgan “Skorpion” trauleri (baliq ovlash kemasi) esa sinovlar paytida ag‘darilib ketgani haqida xabar berilgan.
Izoh (0)