Malida sodir etilgan harbiy to‘ntarish rahbari polkovnik Assimi Goyta o‘zini mamlakat prezidenti deb e’lon qildi. Bu haqda Africa News agentligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, tegishli bayonot bosh vazir Moktar Uan va Mali sobiq prezidenti Bax Ndau hibsdan ozod qilinganidan bir necha soat o‘tgach berilgan.
Mamlakatning hokimiyatdan ag‘darilgan ikki rahbari 24-may, dushanba kunidan beri harbiy qamoqxonada saqlanayotgan edi. Hibsga olishdan bir kun o‘tib, vitse-prezident Assimi Goyta prezident va bosh vazir barcha vakolatlardan mahrum qilinganini aytdi. 26-may kuni ular iste’fo berdi, 27-may kuni esa ozod etildi.
Shu tariqa Malida to‘qqiz oy ichida ikkinchi marta harbiy to‘ntarish yuz berdi. To‘ntarishdan keyin komendantlik soati o‘rnatilib, tashqi chegaralar yopildi.
O‘zini Mali prezidenti deb e’lon qilgan Assimi Goyta ilgari muvaqqat vitse-prezident bo‘lib ishlagan. Avvalroq Goyta mamlakatda 2022-yilda yangi saylovlar o‘tkazishga va’da bergan edi. Malidagi hozirgi vaziyat keskin, ammo tinch deb baholanmoqda.
Izoh (0)