Bangladeshdagi Padma daryosida tezyurar qayiq qum ortilgan yuk kemasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi, deb yozmoqda “Korrespondent.net”.

Foto: “Fakty.com.ua”

To‘qnashuvdan so‘ng qayiq bir necha daqiqada cho‘kib ketdi. Mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari qutqaruvchilarning suvdan 26 nafar qurbonni olib chiqqanini, lekin suv ostida yana qurbonlar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Besh kishi qutqarildi va shifoxonaga yetkazildi.

Voqea joyining yaqinida mamlakatdagi eng katta ko‘prik qurilmoqda, bu esa daryoda harakatlanish uchun qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Shuning uchun ko‘pchilik xavfsiz tezyurar qayiqlardan foydalanadi. Bunday qayiqlarda narigi sohilga borish uchun, taxminan, 15 daqiqa kerak bo‘ladi, ancha xavfsizroq bo‘lgan eshkakli paromlarda esa buning uchun ikki soat talab etiladi.

Ma’lumot uchun, aprel oyida Bangladeshda bortida 50 kishi bo‘lgan qayiqning boshqa paromga to‘qnashib ketishi natijasida yo‘lovchilarning besh nafari halok bo‘lgan edi.

Avvalroq Rossiyaning Leningrad viloyati, Otradnoy shahridagi “Pella” kemasozlik zavodida qurilayotgan “Skorpion” trauleri (baliq ovlash kemasi) sinovlar paytida ag‘darilib ketgani haqida xabar berildi. Leningrad viloyati hukumatining xabar berishicha, hodisa sodir bo‘lgan paytda trauler bortida 80 kishi bo‘lgan, 78 nafar ishchi “zudlik bilan evakuatsiya qilingan”. Shuningdek, hodisa oqibatida traulerning bir erkak va bir ayol xodimi halok bo‘lgani haqida xabar qilindi.

O‘rta Yer dengizining Tunis qirg‘oqlari yaqinida esa ichida noqonuniy ko‘chayotgan muhojirlar bo‘lgan ikkita qayiq ag‘darilib, cho‘kib ketdi. Qayiqlar Italiyaning Lampeduza oroli tomon ketayotgan edi. Halokat oqibatida kamida 39 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Ularning barchasi Afrika mamlakatlari fuqarolari bo‘lgan.

Shuningdek, Rossiya bayrog‘i ostidagi “Arvin” quruq yuk tashuvchi kemasi Qora dengizda, Turkiyaning Bartin viloyati sohillari yaqinida cho‘kib ketgani haqida ma’lumot berilgan edi. Bortda jami 13 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgani, ularning barchasi rossiyalik ekani ma’lum bo‘ldi. Ularning besh nafari qutqarilgan. Kamida ikki kishi halok bo‘lgan. Keyinroq qutqarib olingan Rossiya fuqarosi Nikolay Krinov fojia yomon ob-havo sharoiti tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkinligini aytdi.