Chet el harbiylarining Afg‘onistondan olib chiqilishi munosabati bilan Avstraliya mamlakatdagi o‘z elchixonasining faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda “Afghanistan.ru” xabar berdi.
Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison elchixonaning 28-may kuni yopilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u boshqa davlatlardagi Avstraliya Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining Afg‘onistonga muntazam tashrif buyurib turishini va bu choralar vaqtincha ekanini qo‘shimcha qildi.
“Avstraliya ushbu choralarning vaqtincha ekaniga umid qilmoqda. Sharoit bo‘lishi bilan biz Kobulda doimiy faoliyatimizni yo‘lga qo‘yamiz”, — deb ta’kidladi Avstraliya bosh vaziri.
Morrisonning qayd etishicha, Afg‘onistondan chet el harbiylarining chiqarilishi xavfsizlik masalalariga salbiy ta’sir qildi, endi Avstraliya doimiy diplomatik ishtirokini saqlab qolish uchun xavfsizlik choralarini ta’minlay olmaydi.
Bugungi kunda Afg‘onistonda amerikaliklar bilan birga mamlakatni tark etishi rejalashtirilayotgan 80 nafar avstraliyalik harbiy xizmatchi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Kobul oxirigi 20 yilda ko‘rsatgan yordami va qo‘llab-quvvatlashi uchun Kanberradan minnatdor ekanini va kelajakda mamlakatda doimiy diplomatik faoliyatini tiklashga umid qilayotganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, AQSh va uning ittifoqchisi NATO harbiy kuchlari Afg‘onistonni tark eta boshladi. Bu jarayon 2021-yilning 11-sentabr kuni yakunlanishi rejalashtirilgan.
AQShning avvalgi ma’muriyati o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan 2021-yilning 1-may sanasiga qadar olib chiqishni rejalashtirgan edi.
Mavzuga doir:
- AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishda harbiy texnikalarining bir qismini yo‘q qiladi
- WSJ: AQSh Afg‘onistondan olib ketadigan qo‘shinlarini O‘zbekiston yoki Tojikistonga joylashtirishi mumkin
- AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlari chiqarilgandan so‘ng “Tolibon”ning hokimiyat tepasiga kelishini istisno qilmadi
Izoh (0)