NATO 1-maydan boshlab Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlaydi. Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansining bayonotiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Getty Images

“Ittifoqchilar qaroriga ko‘ra, biz 1-mayga qadar “Qat’iy qo‘llab-quvvatlash” missiyasida ishtirok etayotgan harbiy kuchlarni olib chiqishni boshlaymiz”, — deyiladi ittifoq bayonotida.

NATO olib chiqish paytida tolibonlar tomonidan uyushtirilishi mumkin bo‘lgan har qanday hujum “hal qiluvchi javob” olishidan ogohlantirmoqda. “Qo‘shinlarimizni olib ketish bizning Afg‘oniston bilan munosabatlarimiz tugaganini anglatmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi Shimoliy Atlantika alyansi.

AQSh prezidenti Jo Bayden amerikalik harbiylar Afg‘onistonni 11-sentabrga qadar tark etishini ma’lum qilgandi. Baydenning aytishicha, Amerika qo‘shinlari Afg‘onistonga bu mamlakatni birlashtirish maqsadida joylashtirilmagan, ular o‘zlariga yuklatilgan vazifalarini yakunlagan.

“Biz Afg‘onistonga ikkita sabab bilan qo‘shin yuborganmiz: “Al-Qoida” terroristik tashkiloti faoliyatini tugatish, shuningdek, Afg‘onistonni terrorchilarga boshpana bo‘lishiga ortiq yo‘l qo‘ymaslik. Menda avval boshidanoq Afg‘onistonni qandaydir tarzda birlashtirish uchun qo‘shin yubordik, degan fikr bo‘lmagan” — dedi u. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, AQSh o‘z maqsadlariga erishgan.

Bolgariya ham AQSh ma’muriyati va NATO ittifoqchilari ortidan Afg‘onistondagi harbiy kontingentini olib ketishga qaror qildi.

“Bugun biz mazkur masaladagi dastlabki munozarani o‘tkazdik, yaqin kelajakda esa hukumatning navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazamiz va o‘z qo‘shinlarimizni Afg‘onistondan olib chiqib ketamiz”, — dedi bosh vazir Boyko Borisov.

Hozirda Afg‘onistonda 120 nafar bolgariyalik harbiy xizmatchi bor, ular xavfsizlik shirkati va Kobuldagi missiya shtab-kvartirasida harbiy bazalari atrofini, xususan, “Bagrom” aerodromini va shtabning o‘zini himoya qilish vazifalarni bajaradi.

O‘z navbatida Gruziya ham Afg‘onistondan harbiy kuchlarini olib ketishi haqida e’lon qildi.

Gruziya bosh vaziri Irakli Garibashvilining ta’kidlashicha, Gruziya rahbariyati AQSh va boshqa sheriklar bilan kelishgan holda, NATOning “Qat’iy qo‘llab-quvvatlash” tinchlikparvarlik missiyasi ishtirokchilari bo‘lgan boshqa davlatlar bilan parallel ravishda Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishga qaror qildi.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Gruziya harbiy xizmatchilari “AQSh bilan yaqin hamkorlikda” Afg‘onistonni sentabrgacha tark etadi.

Irakli Garibashvili Gruziya 2004-yildan beri “NATOning Afg‘onistondagi missiyasiga eng katta hissa qo‘shganlardan biri” bo‘lganini, u yerda bugungi kunda 860 nafar gruzin askari xizmat qilayotganini ta’kidladi. “Ular mamlakatimizning xalqaro xavfsizlik uchun jamoaviy javobgarlik yukini munosib ko‘tara olishini isbotladi”, dedi bosh vazir. Unga ko‘ra, Gruziyaning NATO missiyasidagi muvaffaqiyatli ishtiroki uning strategik maqsadi — Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lish uchun muhim omil bo‘ladi”.

Keyinchalik Gruziya tashqi ishlar vaziri David Zalkaliani Gruziya harbiylarini olib chiqish to‘g‘risidagi qaror tafsilotlarini oshkor qildi: “Men Gruziya harbiy xizmatiga missiyada qatnashgani uchun shaxsan qo‘ng‘iroq qilish va minnatdorlik bildirishni lozim topgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinkendan minnatdorman”, — dedi Gruziya diplomatik departamenti rahbari.

14-aprel kuni Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili maxsus bayonot berdi. “Gruziya armiyasi NATO missiyasida jamoaviy mudofaa va xavfsizlik vazifalarini munosib bajarishga qodirligini isbotladi”, dedi davlat rahbari.

AQSh va NATOning Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalari davomida 2004-yildan buyon 32 nafar Gruziya harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan va yuzga yaqin kishi jarohat olgan.