Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlangan harbiy texnikalar kolonnasi tarkibidagi “BMD” (Desantchilar jangovar mashinasi) bilan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi videosi tarqaldi. Bu haqda “Zamon.uz” xabar qildi.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentining xabar berishicha, yo‘l-transport hodisasi harbiy texnikalar kolonnasining bir manzildan boshqa bir manzilga harakatlanayotgani vaqtida sodir bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, “BMD” mashinaning boshqaruv tizimida texnik nosozlik yuzaga kelib, to‘satdan chap tomonga burilib ketgan.

Natijada u beton to‘siqni yiqitib, ustiga chiqib ketgan. Mexanik haydovchi zudlik bilan to‘xtatib qolgani natijasida qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketishning oldi olingan.

Mazkur holat oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

Bundan avval Toshkentda transport boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxs mashina haydab, bir insonning umriga zomin bo‘lgani, Bo‘stonliqda Toshkent shahar IIBB xodimi ishtirokida YTH yuz bergani hamda Toshkentda avtodo‘kon xodimining beparvoligi sabab to‘rtta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.