Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 16-mayga o‘tar kechasi ichki ishlar organlarining rasmiy Nexia-3 avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda Facebook’da videoregistratordan olingan video paydo bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Xabar muallifi xizmat mashinasidagi xodimlar mast bo‘lganligini aytdi (xodimlar soni aytilmagan). Ta’kidlanishicha, Nexia bilan to‘qnashgan Spark avtomashinasi yo‘lovchilari jiddiy jarohat olgan va ulardan birining ahvoli og‘ir.

Shuningdek, xabar muallifi IIBB xodimlari ushbu ishni yashirishga urinayotgani va jabrlanganlarga bosim o‘tkazilayotgani haqida yozgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati avtomashinaning ushbu bo‘limga tegishli ekanligi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.

“Haqiqatdan, 16-may kuni, taxminan, soat 04:00 larda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida salonida Toshkent shahar IIBB xodimi X.Sh. bo‘lgan Nexia-3 rusumli Toshkent shahar IIBB xizmat avtomobili (davlat raqami 01 924 VSC) ishtirok etgan.

Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston IIV O‘z xavfsizlik boshqarmasi tomonidan xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Prokuratura tomonidan sodir bo‘lgan YTH yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv davomida sud-tibbiyot ekspertizasi va boshqa bir qator ekspertizalar tayinlangan. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, X.Sh.ning harakatlariga huquqiy baho beriladi. Hozirda u o‘z xizmat vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan”, — deyiladi IIBB xabarida.

Xizmat avtoulovini kim boshqargan va avtomobil salonida boshqa ichki ishlar organlari xodimlari bo‘lganmi yoki yo‘qmi, xabarda aniqlik kiritilmagan.

Bundan avval Samarqandda signal chalgani uchun Damas’ni jarima maydoniga joylashtirishni buyurgan YHXB boshlig‘iga hayfsan berilgani, Andijonda haydovchi YPX xodimini kaltaklagani hamda Andijonda YPX xodimlarining xizmatiga to‘sqinlik qilgan fuqarolar sudga berilib, jazolangani haqida xabar berilgandi.