Aholi o‘rtasida piyoda yurish va yugurishni ommalashtirish uchun ishga tushiriladigan “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi alkogol va sigaret sotuvchilaridan olinadigan maxsus yig‘im hisobiga moliyalashtiriladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan va kuniga 10 ming hamda undan ortiq yurgan O‘zbekiston fuqarolarining elektron hamyonlariga pul o‘tkaziladi. Platforma 2021-yilning 1-iyunida to‘liq rejimda ishga tushishi rejalashtirilgan.

Aynan shu kundan boshlab to‘lovlar “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi hisobiga tegishli budjet tasniflash kodlari asosida ochilgan shaxsiy g‘azna daromadlari hisobvarag‘i orqali to‘planadi.

Yig‘imlar miqdori:

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Yig‘imlar alkogol (pivo, aroq) hamda tamaki mahuslotlarining sotilgan hajmidan kelib chiqib, belgilangan tartibda undiriladi. Yig‘imlar “Sog‘lom turmush tarzi” platformasining hisobraqamiga har oyning 10-sanasiga qadar o‘tkaziladi.

To‘lovchilar har oyda ro‘yxatga olingan joyidagi soliq organlariga aksiz yig‘imining hisob-kitobini soliq davridan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay topshiradi.

Yig‘imlar monitoringi

Yig‘imlar daromad solig‘i bo‘yicha xarajatlar toifasiga kiritilgan.

Soliq organlari soliq to‘lovchining shaxsiy kartasidagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning hisoblangan hamda to‘langan summalarini aks ettirgan holda, tushumlar hisobini yuritadi.

Avvalroq O‘zbekistonda 10 ming qadam yurgan fuqarolarga pul to‘lanishi haqida Prezident farmoni imzolangani, biroq hukumat qarorida bu tartib aks etmagani to‘g‘risida xabar berilgandi.