Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va mamlakat bosh vaziri Jan Kasteks 19-may kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish doirasida joriy etilgan cheklovlarning bekor qilinishi munosabati bilan Yelisey saroyi yaqinida joylashgan terrasada qahva ichdi, deb yozmoqda “Interfaks”.
“Biz shu yerdamiz! Terrasalar, muzeylar, kinoteatrlar, teatrlar... Keling, bizning hayot tarzimizni tashkil etuvchi narsalarni qaytaramiz”, — deb yozdi Makron o‘zining Twitter sahifasiga bosh vazir bilan o‘tirgani tasvirlangan videoyozuvni joylab.
Videoyozuvda prezident va bosh vazirning qahva buyurtma bergani, tabassum qilayotgani va ularga xizmat ko‘rsatayotgan ofitsiant bilan gaplashayotgani tasvirlangan.
Nous y sommes !
— Emmanuel Macron (@EmmanuelMacron) May 19, 2021
Terrasses, musées, cinémas, théâtres… Retrouvons ce qui fait notre art de vivre. Dans le respect des gestes barrières. pic.twitter.com/UXfOKur9D0
Shu bilan birga, 19-may kuni BFM-TV efirida Makron ehtiyot choralariga rioya qilgan holda “harakat qilishni davom ettirish” kerakligini eslatib o‘tdi.
2021-yilning 19-may kunidan boshlab karantin cheklovlarini yumshatishning ikkinchi bosqichi boshlandi, u komendantlik soatining 19:00 dan 21:00 ga o‘zgartirishni nazarda tutadi. Restoran va kafelar o‘zlarining terrasalarini tashrif buyuruvchilar uchun ochishi mumkin, lekin stol atrofida olti kishidan ko‘proq to‘planish taqiqlanadi. Bu bosqichda do‘konlar, shuningdek, muzeylar, ko‘ngilochar muassasalar, kinoteatr va teatrlarning tashrif buyuruvchilar sonining cheklanishi sharti bilan qayta faoliyat boshlashiga ruxsat beriladi.
Fransiya hukumati karantin cheklovlarini bir nechta bosqichda bekor qilish bo‘yicha qaror qilgan edi. 2021-yilning 9-iyunidan boshlab komendantlik soatining vaqti 23:00 ga o‘tkaziladi. Restoran va kafelar nafaqat terrasalarda, balki binoning ichida ham mehmonlarni qabul qila boshlaydi. Mashg‘ulot zallari qayta ishga tushiriladi va sayyohlarning mamlakatga kirishi uchun ruxsat berilishi ham kutilmoqda.
Navbatdagi bosqich 30-iyundan kuchga kiradi. Fransiyada 2020-yilning kuz faslida joriy etilgan komendantlik soati bekor qilinadi. “Sanitar ruxsatnoma” taqdim etgan holda, ming kishidan ortiq odam ishtirok etayotgan har qanday tadbirda qatnashishga ruxsat beriladi.
Izoh (0)