Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi kanaldan 17 yoshli qizning murdasi topilgani haqida xabar tarqalgandi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi axborot xizmati ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 11-may kuni Past Darg‘om tumani “Chandir” mahallasida yashovchi R.X. tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, voyaga yetmagan, 2004-yilda tug‘ilgan S.X. uyidan chiqib ketib, qaytib kelmasdan, bedarak yo‘qolganini bildirib, uni topishda amaliy yordam so‘ragan.

Tuman prokuraturasi boshchiligidagi tergov-tezkor guruhi tomonidan olib borilgan tekshiruv harakatlari davomida 12-may kuni S.X.ning murdasi tumanning “Do‘stlik” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Eski Anhor kanalidan topilgan.

S.X.ning bedarak yo‘qolib, o‘lik holatda topilgani yuzasidan xizmat tekshiruvlari va sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, voqeaning bevosita guvohi bo‘lgan yoki undan xabardor bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash va ulardan tushuntirish olish ishlari olib borilmoqda.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhumaning o‘limi suvga cho‘kishdagi mexanik asfiksiyadan kelib chiqqan. S.X.ning qizlik pardasi butunligi, buzilmagani, qizlik pardasini buzmasdan turib, jinsiy aloqa qilishning imkoni yo‘qligi, shuningdek, marhumaning jinsiy a’zolarida tan jarohatlari yo‘qligi ma’lum qilingan.

Hozirda holat bo‘yicha Past Darg‘om tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda, tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Bundan avval Andijonda zo‘rlangan 18 yoshli kelin voqeasi Senat nazoratiga olgani, Toshkentdagi Anhor kanalidan erkak jasadi topilgani hamda Xorazmda 19 yoshli kelin o‘zini osib o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.