Ijtimoiy tarmoqlarda 9-may kuni Farg‘ona shahridagi “Vatanparvarlar” bog‘ida “Xotira bor ekan – millat barhayot” so‘zlari ostida vermaxt askarlari rasmi tushirilgan ko‘chma plakatning o‘rnatilgani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Fayzullo Qosimov mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, nemis askarlarining suratlari tushirilgan mazkur ko‘chma plakatga “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limining qo‘pol texnik xatosi va e’tiborsizligi sabab bo‘lgan.
“Hozirda viloyat hokimligi tomonidan ushbu masala yuzasidan o‘rganish boshlandi. Dastlabki surishtiruvga ko‘ra, internetdan Ikkinchi jahon urushi davri bilan oid rasmlarga qidiruv berib, bilimsizlik tufayli tasodifiy rasm olingani, plakat dizaynida foydalanilgani ma’lum bo‘ldi. Kim plakat maketini tayyorlagan, nega bu rasmni tanlagan, nega tasdiqlatilmagan holda o‘rnatilgan, bularning bari batafsil o‘rganib chiqiladi. Aybdorlarga keskin choralar ko‘riladi. Hozirda u ko‘chma plakat ‘Vatanparvarlar’ bog‘idan olib tashlandi, o‘rniga Ikkinchi jahon urushida qahramonlik ko‘rsatgan o‘zbek jangchilari tasvirlangan banner o‘rnatiladi”, — deyiladi munosabatda.
Avvalroq Sirdaryoda huquq-tartibot idoralarining rahbar xodimlari 9-may kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbir yangragan davlat madhiyasi vaqtida qo‘lini qayerga qo‘yishni bilmay qolgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Izoh (0)