Sirdaryo viloyati ma’muriy markazi Guliston shahridagi “Yurt bayrog‘i” maydonida 9-may kuni Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev bayram nutqi bilan chiqish qilgan. Uning chiqishidan so‘ng O‘zbekiston davlat madhiyasi ijro etilgan. Madhiya ijrosi vaqtida hokimning ortida turgan huquq-tartibot idoralarining rahbar xodimlari qo‘lini qayerga qo‘yishi bilmay, noqulay ahvolda qolgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbir dastlab viloyat hokimligining Facebook’dagi sahifasi orqali jonli efirda ko‘rsatilgan, huquq-tartibot idoralarining rahbar xodimlari bilan bog‘liq vaziyat videoparchasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgach, video o‘chirib qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda... harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi”.