Toshkent metropoliteni Halqa yo‘lining 7-bekatida 7-may kuni soat 21:10 da elektr energiyasi o‘chib qoldi. Bu haqda internetda videolar tarqaldi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Foto: Videodan skrinshot

“O‘zbekiston temiryo‘llari” kompaniyasining holat yuzasidan bergan izohida aytilishicha, uzilish shaharda sodir bo‘lgan. Bu stansiyadagi 100 dona lampadan iborat yoritish tizimi o‘chishiga olib kelgan.

Hodisa metro poyezdlari harakatiga ta’sir ko‘rsatmagan. Xabarda aytilishicha, elektr ta’minoti kechki soat 22:00 da tiklangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropoliteni bilan bog‘liq kamchiliklar haqida ko‘p marotaba yozib kelinmoqda. Jumladan, 18-mart kuni “Olmazor” (Chilonzor yo‘li) va “Bekat-1” (Sergeli yo‘li) orasidagi tunnelda ikki poyezd to‘qnashdi. 9-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poyezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi. Shu bilan birga metropolitendagi yerosti va yerusti poyezd harakatlarining bir nechta boshqa videolari ham ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p bora muhokama qilindi. 28-aprel kuni esa tunnelda to‘xtab qolgan poyezd haqidagi video tarqaldi, unda yo‘lovchilar relslar orqali harakatlanib, bekatga yetib olgani tasvirlangan.