O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-may kuni “Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida mahallabay ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar beradi O‘zA.
Hujjat “tadbirkorlik intilishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashishga” qaratilgan.
Tuman (shahar) hokimligi ta’sischiligida Mahallabay ishlash markazlari davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi. Bu kabi markazlar Pastdarg‘om, Urgut va Bulung‘ur tumanlarida 2021-yil 1-iyundan boshlab hamda Samarqand viloyatining qolgan tuman (shahar)larida 1-avgustga qadar tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, Mahallabay ishlash markazlarining faoliyati tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi. Markazlarda ochiladigan shtat birliklari tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazining ishga joylashtirish inspektorlari shtat birliklari qisqartirilishi hisobidan shakllantiriladi.
Markazning asosiy vazifalari qatoridan aholining bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaini yaratish orqali kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish, mahallabay ishlash asosida tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish hamda aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga, jumladan, ayollar va yoshlarga kredit hamda subsidiyalar olishda ko‘maklashish o‘rin olgan.
2022-yil 1-yanvardan boshlab mazkur eksperimentni respublikaning boshqa hududlarida joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Eslatib o‘tamiz, aprel o‘rtalarida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Mahallabay ishlash markazi tashkil etilishini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)