Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK)ga ishga joylashish masalasi sabab bir guruh ayollar shahardagi yo‘lning qatnov qismi to‘sib qo‘ygandi. Holatni o‘rganib chiqqan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston qonunchiligida ijtimoiy ehtiyojmand aholi toifalari uchun korxona va tashkilotlarda ish o‘rinlari zaxiralanishi belgilangan. Olmaliq shahar hokimining 2020-yil 10-sentabrdagi qarori bilan 73 ta korxona va tashkilotda 2021-yil uchun 670 ta ish joylari (kvota) zaxiralangan. Xususan, qarorda OKMKda ijtimoiy ehtiyojmand qatlam uchun 451 ta ish o‘rni zaxiralangan.

Hokimning ushbu qarorini ijro etish maqsadida OKMK tomonidan 2020-yil 30-dekabrda chiqarilgan buyruqqa ko‘ra, 2021-yil uchun jamiyatda:

  • 140 ta ish o‘rni o‘n to‘rt yoshgacha va nogiron bolalari bo‘lgan yolg‘iz ota, yolg‘iz onalar va ko‘p bolali oilalar uchun;
  • 283 ta ish o‘rni umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilari uchun;
  • 15 ta ish o‘rni safarbarlik chaqiruvi zaxirasida xizmatni o‘tagan va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari saflaridan muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar uchun;
  • 7 ta ish o‘rni nogironligi bo‘lgan shaxslar va pensiyaoldi yoshidagi shaxslar uchun;
  • 4 ta ish o‘rni jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sudning qaroriga ko‘ra tibbiy tusdagi majburlov choralari qo‘llanilishidan ozod qilingan shaxslar uchun;
  • 1 ta ish o‘rni odam savdosi qurbonlari uchun zaxiralangan.

OKMKdagi zaxiralangan ish o‘rinlariga 2021-yil 1-yanvaridan 1-apreligacha 66 nafar hamda aprel oyi davomida 84 nafar jami 150 nafar fuqaroga yo‘llanmalar berilgan.

Kombinatning 2021-yil 6-martdagi hisobotida yanvar-mart oylari davomida zaxiralangan ish o‘rinlariga 105 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan fuqarolar ishga qabul qilingani qayd etilgan. Bundan tashqari, 2021-yil boshidan buyon kombinatga 362 nafar fuqaro ishga qabul qilingan. Ulardan 219 nafari yoshlarni (42 nafari “yoshlar daftari”ga kiritilgan) tashkil etadi.

Shuningdek, OKMKga ishga joylashtirishda beriladigan kvota yo‘llanmalarining mavjud mutaxassisliklar va bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha berilishida shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida shahar hokimligi, kombinat mutaxassislari, deputatlar, Yoshlar ishlari agentligi, nogironlar jamiyati vakillaridan 11 kishidan iborat komissiya tarkibi shakllantirilgan.

“Ushbu komissiya fuqarolarni zaxiralangan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish jarayonida korxonadagi ishlarning professional tuzilmasi va uning faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinishini nazorat qiladi”, — deb qayd etmoqda vazirlik.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagilarni amalga oshirishga kelishilgan:

Birinchidan, vazirlik va OKMK mutaxassislari bilan hamkorlikda yo‘llanma berilgan fuqarolarni Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 3-bandida keltirilgan muhtojlar toifasiga to‘g‘ri kelishini qayta ko‘rib chiqiladi, yo‘llanmalari qonuniy o‘z asosini topgan fuqarolar OKMKga 2021-yilning sentabr oyiga qadar bosqichma-bosqich ishga qabul qilish rejasi tasdiqlanadi va ishga joylashtiriladi.

Ikkinchidan, ijtimoiy ehtiyojmand toifasiga kirmaydigan hamda kombinat ehtiyojidagi mutaxassisligiga to‘g‘ri kelmaydigan fuqarolarni, shahardagi 81 ta (OKMK dan tashqari) korxona va tashkilotlardagi 871 ta bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish choralari ko‘riladi (jumladan, Vintaj denim MChJdagi 50 ta ish o‘rni, “Olmaliq tola tekstil” MChJ da 43 ta ish o‘rni, “Bolezo tekstil” MChJdagi 25 ta ish o‘rni, “Sirkechi Tashkent tekstil” MChJdagi 39 ta ish o‘rni mavjud).

Uchinchidan, kombinatga tegishli bo‘lgan 250 gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun bir fuqaroga o‘rtacha 50 sotixdan ajratib beriladi, yetishtirilgan mahsulotlar kombinat tomonidan bozor narxlarida sotib olinadi, shuningdek, o‘zini-o‘zi band qilish, tadbirkorlikka jalb qilish, bandlikni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar ajratish orqali bandligiga ko‘maklashiladi.

Avvalroq Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida 1-sinfda o‘quvchi qiz YTH oqibatida vafot etgach, bir guruh ayollar 23-aprel kuni Qarshi—Samarqand yo‘lining Xo‘jaobod qishlog‘i hududidan o‘tuvchi qismini norozilik tariqasida to‘sib qo‘ygandi. Vaziyat Senat nazoratiga olingan.