Italiyada Leonardo da Vinchi nomidagi Rim-Fyumichino xalqaro aeroportida mutaxassislar binolarni sanitarizatsiya qilish operatsiyasini o‘tkazdi. Hindistondan Rimga kelgan 23 yo‘lovchida koronavirus aniqlangandan keyin shunday talab qo‘yilgan, deb xabar beradi Euronews.

Foto: EPA

Xabarga ko‘ra, infeksiya aniqlangan yo‘lovchilar va ular bilan aloqada bo‘lgan odamlar karantin mehmonxonasiga jo‘natildi. Ularda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ni tashvishga solayotgan “hindcha” shtamm bor yoki yo‘qligi hozircha noma’lum.

“Hindistondagi og‘ir vaziyat istalgan joyda yuzaga kelishi mumkinligini anglash juda muhim. Bu barcha mamlakatlar uchun jiddiy muammo. Cheklov choralari yumshatilsa, odamlar yana yirik guruhlar hosil qilsa, koronavirusning yuqumliroq shtammlari paydo bo‘laversa va emlanganlar soni ozligicha qolsa, bu har qanday mamlakat uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin”, — dedi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Kluge.

Hindiston kunlik kasallanish bo‘yicha rekordlarni yangilashda davom etmoqda — o‘tgan kun davomida mamlakatda 379,2 mingdan ortiq odamda koronavirus aniqlandi. Bu 1,3 milliard aholisi bo‘lgan mamlakat uchun ham juda katta ko‘rsatkich.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida dunyo bo‘ylab qayd etilgan koronavirusga chalinish bo‘yicha 5,7 million yangi holatdan 38 foizi Hindistonga to‘g‘ri keladi.

BBC xabariga ko‘ra, Vashington universiteti olimlari Hindiston pandemiyasi ssenariysini modellashtirdi va uning eng yuqori nuqtasi may oyining o‘rtalariga qadar tugamasligini taxmin qildi.

“Ammo Hindistonda hamma odatdagidek niqob taqishni boshlasa, buyog‘iga o‘limlar soni kamayishi mumkin”, — deydi tadqiqotchilar.

Pandemiya boshlanganidan buyon niqob taqish mamlakatda tavsiya shaklida bo‘lib kelgan. Yaqinda millionlab odamlar ishtirok etgan Kumbxa Mela festivalidan olingan fotosuratlar hindistonliklarning juda kamchiligi niqob taqishini ko‘rsatdi.

Olimlar bong urib, dunyo hamjamiyatini Hindistonga diqqat qaratishga chaqirdi, chunki u yerda sodir bo‘layotgan voqealar boshqalarga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.

AQSh, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Germaniya, Singapur va Avstraliya allaqachon Hindistonga insonparvarlik yordami, jumladan, sun’iy nafas oldirish apparatlari, konsentrlangan kislorod ta’minoti va shaxsiy himoya vositalarini yuborgan. Ayni paytda ularga yana uchta davlat — Rossiya, Janubiy Koreya va Kanada qo‘shildi.

Kanada Hindistonga yordam uchun 10 million dollar ajratdi, Seul tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish bo‘yicha Dehli bilan muzokaralar olib bormoqda.

Britaniyadan birinchi gumanitar yordam o‘tgan seshanba kuni Dehliga yetib kelgan edi. London ko‘makni davom ettirish niyatida.

“Ilgari Hindiston boshqalarga yordam berar edi, endi unga yordam berish navbati keldi. Biz bu jangda g‘alaba qozonamiz”, — dedi shahzoda Charlz. Bu qirollik oilasi vakilining Hindistondagi inqiroz haqidagi birinchi bayonoti edi.

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda tobora ortib borayotgan koronavirusga chalinish holatlariga qarshi kurashda yordam uchun mamlakatga 2,6 mingdan ortiq xodimini yubordi.

Pokistonda lokdaun joriy qilinmoqda

Hindiston bilan qo‘shni Pokistondagi vaziyat ham sezilarli darajada yomonlashdi. 28-aprel kuni mamlakatda pandemiya boshidan beri ilk bor kunlik o‘lim ko‘rsatkichi 200 tani tashkil qilib, rekord darajaga yetdi.

Mamlakatning ko‘plab hududlarida, ayniqsa, aholi zich joylashgan Panjob viloyatida kasalxonalar resurs yetishmasligidan shikoyat qilmoqda. Kelgusi haftadan boshlab rasmiylar 20 ta shahar va viloyatlarda lokdaun joriy qilishni rejalashtirmoqda.

Ilgari Pokiston hukumati lokdaun mamlakat iqtisodiyotini o‘ldiradi, deya da’vo qilib, faol ravishda unga qarshi bo‘lgan. Muxolifat vakillari boshchiligidagi viloyatlarda cheklov choralari joriy etildi. Ammo qo‘shni mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar Islomobodni o‘z pozitsiyalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi.