Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda tobora ortib borayotgan koronavirusga chalinish holatlariga qarshi kurashda yordam uchun mamlakatga 2,6 mingdan ortiq xodimini yubordi. Bu haqda Associated Press’ga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: AP Photo

JSST rahbari Tedros Gebreyesusning aytishicha, xodimlar hindistonlik hamkasblariga texnik maslahat, vaksinatsiya va monitoring ishlarida ko‘maklashadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda  Hindistonda “yurakni ezadigandan ham battar vaziyat” hukm surmoqda.

“JSST Hindistonni uskunalar va materiallar, xususan, minglab kislorod konsentratorlari, ko‘chma dala shifoxonalari va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilmoqda”, — dedi Gebreyesus.

Koronavirus bilan kasallanish ko‘paygani sababli Hindistonda og‘ir epidemiologik vaziyat mavjud. So‘nggi bir necha kun ichida mamlakatda COVID-19 bilan kasallanganlar soni bo‘yicha ketma-ket antirekordlar qayd etilmoqda. Bir kun oldin mamlakatda kasallanish bo‘yicha 352 mingdan ortiq yangi holat aniqlangan.

Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, Nyu-Dehlida har to‘rt daqiqada bir kishi koronavirusdan vafot etmoqda. Butun mamlakat bo‘yicha har kuni COVID-19’dan 2 mingga yaqin o‘lim qayd etilmoqda, ammo norasmiy statistika bundan besh-o‘n baravar ko‘p bo‘lishi mumkin. Meduza xabariga ko‘ra, Dehli va boshqa shaharlarda vafot etayotganlar shu qadar ko‘pki, ularning jasadlarini kecha-yu kunduz ko‘chada yoqishga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘cha krematoriyasi ishchilaridan biri ushbu holatni xuddi urush ketayotganga o‘xshaydi, deya ta’riflagan.

Hindiston aholisi  uyida ham tibbiy niqoblarini taqishga chaqirilmoqda, ayniqsa, oilada koronavirus bilan kasallangan bemor bo‘lsa.

Bosh vazir Narendra Modining vaksina masalalari bo‘yicha maslahatchi guruhi rahbari doktor Vinod Polning so‘zlariga ko‘ra, agar bir oilada COVID-19 kasalligi aniqlangan bo‘lsa, oilaning boshqa a’zolari uyda niqob taqishi zarur, chunki virus ularga yuqishi mumkin.

“Uyimizda ham niqob taqishni boshlash vaqti keldi. Avval niqobni ko‘chada, jamoat joyida taqish haqida gap borar edi, ammo infeksiya tarqalishi keskinlashgani sababli oila a’zolarimiz bilan o‘tirganimizda ham niqob taqsak maqsadga muvofiq bo‘ladi”, —  dedi Pol.

Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri mamlakatda 17 millionga yaqin kishi koronavirus bilan kasallangan. Ushbu ko‘rsatkich bilan mamlakat kasallanish bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi (32 million holat), Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda jami 192 mingdan ortiq odam COVID-19 qurboniga aylangan.