Hindistonda COVID-19 bilan kunlik kasallanish soni ketma-ket to‘rtinchi kun rekord darajaga yetdi: mamlakatda o‘tgan bir sutkada 349,6 ming kishida infeksiya aniqlandi. Bu pandemiya boshlanganidan beri bir mamlakatda bir kunda aniqlangan koronavirusga chalinish holatining maksimal soni, deb yozmoqda “RBK”.

Foto: Reuters

“Hindiston ‘koronavirus bo‘roni’dan larzaga kelmoqda”, — dedi bosh vazir Narendra Modi. Kasallanish sonining keskin ortishi munosabati bilan u barcha fuqarolarni ehtiyot bo‘lishga va emlanishga chaqirdi.

Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, Nyu-Dehlida har to‘rt daqiqada bir kishi koronavirusdan vafot etmoqda. Butun mamlakat bo‘yicha har kuni COVID-19’dan 2 mingga yaqin o‘lim qayd etilmoqda, ammo norasmiy statistika bundan besh-o‘n baravar ko‘p bo‘lishi mumkin. Meduza xabariga ko‘ra, Dehli va boshqa shaharlarda vafot etayotganlar shu qadar ko‘pki, ularning jasadlarini kecha-yu kunduz ko‘chada yoqishga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘cha krematoriyasi ishchilaridan biri ushbu holatni xuddi urush ketayotganga o‘xshaydi, deya ta’riflagan.

Foto: Hindustan Times

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Virusologlarga tayanib, Reuters koronavirusning yangi, “hindcha” turi mavjud vaziyatni keltirib chiqarayotgan bo‘lishi mumkinligini yozdi. Ushbu shtamm Shveysariya va Chexiyada ham aniqlangan.

AQSh Hindistonga dori-darmon va koronavirusni aniqlovchi tezkor testlar hamda vaksina ishlab chiqarish uchun xomashyo yetkazib bermoqchi.

Oq uy veb-saytida aytilishicha, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan hindistonlik hamkasbi Ajit Doval bilan infeksiya tarqalishiga oid vaziyatni muhokama qilgan.

“Pandemiya boshlanganda, kasalxonalarimizdagi vaziyat keskin bo‘lganda Hindiston AQShga yordam yuborgani kabi AQSh ham Hindistonga og‘ir paytda yordam berishga tayyor”, — deyiladi Oq uy bayonotida.

Sallivan hamkasbi bilan suhbatda Hindiston bilan birdamligini bildirdi. Xususan, AQSh mamlakatni dori vositalari, tezkor diagnostika to‘plamlari, sun’iy nafas oldirish apparatlari va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlamoqchiligini ma’lum qildi. Vashington, shuningdek, Hindistonda AstraZeneca ingliz-shved kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan Covishield vaksinasi uchun xomashyo bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari, Amerika Hidistonga kislorod tizimlarini yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Shuningdek, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi misli ko‘rilmagan COVID-19 to‘lqinini boshdan kechirayotgan Hindistonga darhol yordam berishga tayyorligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bryussel Hindistonning talabiga javob berishda Yevroittifoqning umumiy fuqarolik muhofazasi mexanizmidan foydalanadi. Ushbu mexanizm Yevroittifoq mamlakatlariga favqulodda holatlarda o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishga imkon beradi.

Inqirozlarni boshqarish bo‘yicha Yevropa komissari Yanez Lenarchichning ta’kidlashicha, ittifoq mamlakatlari Hindistonga kislorod va dori-darmon yetkazib berishni boshlagan. Germaniya kansleri Angela Merkel uning hukumati ham Hindistonga yordam paketini tayyorlayotganini ma’lum qildi.

The New York Times xabariga ko‘ra, koronavirusning ikkinchi to‘lqini va kasalxonaga yotqizilgan bemorlar uchun zarur bo‘lgan kislorod tanqisligi fonida Hindiston hukumati Facebook, Instagram va Twitter’dan o‘z platformalarida rasmiylarning pandemiyaga qarshi choralari tanqid qilingan o‘nlab xabarlarni olib tashlashni talab qildi.

Talab muxolifat siyosatchilarining tanqidlarini o‘z ichiga olgan va Hindiston bosh vaziri Narendra Modini iste’foga chiqishga chaqirgan 100 ga yaqin postga ta’sir qildi, deb yozadi gazeta. Hukumatning ta’kidlashicha, bunday xabarlar “yolg‘on yoki chalg‘ituvchi ma’lumotlar tarqatib, vaziyatga aloqador bo‘lmagan va eski rasmlardan foydalangan holda Hindistondagi COVID-19 holati bo‘yicha vahima”ni keltirib chiqarmoqda.

O‘chirilgan tvitlardan birini muxolifat tomonidan boshqariladigan G‘arbiy Bengaliya shtati mehnat vaziri Mola Gxatak joylashtirgan, deb yozdi NYT. Gxatak Modini “noto‘g‘ri boshqaruv”da ayblab, uni koronavirus olib kelayotgan o‘limlar uchun bevosita javobgar qilgan.

NYT ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyalar postlarni Hindistondagi saytlardan foydalanadiganlarga ko‘rinmaydigan qilib qo‘yish orqali topshiriqni qisman bajargan. Twitter’ning izoh berishicha, agar tarkib “ma’lum bir yuridik huquqda noqonuniy ekanligi aniqlansa, lekin Twitter qoidalarini buzmasa, kompaniya unga kirish huquqini faqat Hindistonda cheklashi mumkin”.

Sky News xabariga ko‘ra, Hindistonning aksariyat hududlarida ommaviy tadbirlar o‘tkazishga taqiq qo‘yilmagan. Xususan, u yerda Kumbxa Mela festivali davom etmoqda, festivalda ziyoratchilar Ganga daryosida ommaviy tahorat oladi. Tashkilotchilarning fikriga ko‘ra, ushbu festivalga aprel oyida 150 million kishi tashrif buyurishi mumkin.

Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri mamlakatda 16,9 million kishi koronavirus bilan kasallangan. Ushbu ko‘rsatkich bilan mamlakat kasallanish bo‘yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi (32 million holat), Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda jami  192 mingdan ortiq odam COVID-19 qurboniga aylangan.