AQShda Oyga qo‘nishni amalga oshirgan insoniyat tarixidagi birinchi missiya ishtirokchisi astronavt Maykl Kollinz vafot etdi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.
Kollinz to‘qson yoshni qarshilagan edi. Uning oilasi sobiq astronavtning saratondan vafot etganini ma’lum qildi.
Maykl Kollinz 1969-yilning iyul oyida “Appolon-11” ekipaji tarkibida Oyga uchgan. Nil Armstrong va Bazz Oldrin Yer sayyorasining yo‘ldoshi — Oy yuzasiga qo‘nganida, u Oy orbitasida buyruq modulini boshqargan.
Kollinzning o‘zi Oy yuzasida bo‘lmagan va shu parvozdan keyin astronavtlik karyerasini tugatgan (lekin u insoniyatning Oyga oxirgi qo‘nishini amalga oshirgan “Appolon-17” missiyasida ishtirok etishga da’vogarlik qilishi mumkin edi). Keyinchalik Kollinz Oq uy va AQShning Smitson institutida faoliyat yuritgan.
Avvalroq AQSh sobiq vitse-prezidenti (1977–1981) Uolter Mondeyl 93 yoshida vafot etgani haqida xabar berildi. Siyosatchi 19-aprel kuni Minneapolisdagi uyida vafot etdi. O‘lim sababi ma’lum qilinmagan.
Shuningdek, 9-aprel kuni qirolicha Yelizaveta II ning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipp 99 yoshida olamdan o‘tdi. 18-aprel kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning otasi Malikguli Berdimuhamedov 89 yoshida vafot etdi. Shuningdek, amerikalik tadbirkor, Adobe asoschilaridan biri 81 yoshli Charlz Geshke 16-aprel kuni vafot etdi.
Izoh (0)