O‘zbekistonda yil oxirigacha barcha maktablar optik tolali internet bilan ta’minlanadi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov ma’lum qildi.
“2020-yilda optik tolali aloqa liniyalarini tortish ishlari 7155 ta (71 foiz) maktablarda amalga oshirilgan. 2021-yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 10 008 ta (100 foiz)ga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda internet tarmog‘iga ulangan maktablar “Education” tarifiga ulangan va maktab quvvatidan kelib chiqib, 10/40/100 Mbit/s tezlikda ishlaydi.
Bugungi kunda ichki lokal tarmoq uskunalari hamda Wi-Fi qurilmalar bilan ta’minlangan maktablar soni 4000 mingdan oshdi. 2021-yil yakuniga qadar 7 mingga yaqin maktablar ichki lokal tarmoq infratuzilmasi bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, kelgusida barcha maktablarni va ulardagi kompyuterlarni bog‘lovchi yagona ‘Elektron ta’lim’ korporativ tarmog‘i yaratilishi ko‘zda tutilgan”, – dedi Rustam Karimjonov.
Bundan avval O‘zbekiston tashqi internet kanalining tezligi soniyasiga 1800 Gbitga yetkazilishi, O‘zbekiston aholisining atigi 10 foizi 4G interneti bilan qamrab olingani aytilgani hamda O‘zbekistonda 2020-yilda tashqi internet kanalini kengaytirishga erishilmagani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)