Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 147 883 829 kishiga yetdi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha doimgidek AQSh (32,1 million), Hindiston (17,6 million), Braziliya (14,3 million), Fransiya (5,5 million) va Rossiya (4,7 million) eng oldinda bormoqda.

Dunyo bo‘yicha koronavirus oqibatidagi o‘limlar esa 3 120 894 taga yetdi.

Bangkok

Foto: EPA

Qozog‘istonda mahalliy QazVac vaksinasi bilan ommaviy emlash boshlandi

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi 26-apreldan mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan QazVac vaksinasi bilan fuqarolarni ommaviy emlashni boshladi. Vaksina 18 yosh va undan katta odamlar uchun tavsiya etilgan.

Preparatning 50 mingta dozadan iborat birinchi partiyasi avvalroq mamlakat hududlariga yetkazilgan edi.

Qozog‘istonda, shuningdek, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi bilan ham emlashmoqda. Muassasa qayd etishicha, fuqarolar qaysi vaksina bilan emlanishni o‘zlari tanlashi mumkin.

QazVac preparati Biologik xavfsizlik muammolari ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan.

“Qozog‘iston vaksinasi sinovlarining uchinchi bosqichi tadqiqot subyektlarining 50 foizida o‘z yakuniga yetdi, uni joriy yilning 25-iyunida tugatish rejalashtirilmoqda. Shundan keyin QazVac samaradorligi uzil-kesil baholanadi”, — deyiladi SSV xabarida.

Muassasa qo‘shimcha qilishicha, agar bemorlarda nomaqbul reaksiyalar kuzatilsa, preparatni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni to‘xtatiladi yoki bekor qilinadi.

May oyida mamlakatda yana 50 ming doza mahalliy vaksinani ishlab chiqarish kutilmoqda. Kelajakda ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich oyiga 500 ming dozagacha yetkaziladi.

Ekvador vaksina olishda Rossiya, AQSh va Xitoydan yordam so‘radi

Ekvador saylangan prezidenti Gilyermo Lasso Rossiya, AQSh va Xitoy hukumatlariga murojaat qilib, mamlakatga koronavirusga qarshi vaksina sotib olishda yordam so‘radi.

Lassoning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya prezidenti Vladimir Putinga “vaksinalar masalasida ko‘mak haqidagi iltimos bilan” xat yo‘llagan va yetkazib berishni tezlashtirish bo‘yicha jarayonni boshlagan.

Xitoy raisi Si Szinpin bilan suhbat chog‘ida esa Lasso undan Ekvador hukumati allaqachon sotib olgan vaksina dozalarini yetkazib berishni tezlashtirishni va yangilarini ma’qullashni so‘ragan. Saylangan prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tomonidan taqdim etiladigan ko‘mak natijasida Kito va Pekin o‘rtasidagi aloqalar “yanada qalinlashadi”. U shuningdek, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan muloqot qilib, zarur preparatlarni yetkazilishi hajmini oshirishga chaqirgan.

Lasso vaksinatsiyani ustuvor vazifa deb hisoblashini aytdi. Avvalroq u hokimiyat tepasida o‘tkazgan birinchi 100 kun ichida 9 million kishi emlanishiga va’da bergan edi. Saylangan prezident 24-may kuni davlat rahbari lavozimiga kirishishi kerak.

50 ta mamlakatda COVID-19’ga qarshi vaksinatsiya tufayli rejali emlashlar keyinga qoldirildi

Dunyoning 50 ta mamlakatida aholini koronavirusga qarshi emlash ishlari tufayli, qizamiq va boshqa kasalliklarga qarshi emlashlar keyinga qoldirildi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMTning Bolalar fondi hamda Vaksina va immunizatsiya bo‘yicha global alyans ma’lum qildi.

“Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, immunizatsiya bo‘yicha hayot uchun muhim kampaniyalarning 60 tasi 50 ta mamlakatda keyinga surilgan, bu 228 million kishini, asosan, bolalarni qizamiq, poliomiyelit va sariq bezgak kabi xavflarga duchor qiladi”, — deyiladi JSST bayonotida.

“Ushbu 50 ta mamlakatning yarmidan ko‘pi Afrikada joylashgan, bu esa odamlarning vaksinadan foydalanish imkoniyatlari tengsizligini yanada ta’kidlab ko‘rsatadi”, — dedi JSST.

Tashkilotdagilar qayd etishicha, aynan rejali vaksinatsiyaning keyinga surilishi tufayli yaqinda Kongo Demokratik Respublikasi, Pokiston va Yamanda qizamiq avj olishi kuzatilgan.

“Agar biz qizamiq, sariq bezgak va difterit kabi o‘limga olib keluvchi kasalliklarning avj olishini xohlamasak, biz dunyoning har bitta mamlakatida oddiy vaksinatsiya xizmatlarini himoya qilishimiz kerak”, — deyiladi JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesusning bayonotida.

Fransiyada COVID-cheklovlarni yumshatish boshlandi

Fransiyada aprel boshida joriy qilingan lokdaundan bosqichma-bosqich chiqish doirasida 26-apreldan bolalar bog‘chalari va maktablar o‘z faoliyatini tikladi.

Ammo o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilari shu hafta onlayn rejimda qolishi kerak. Ular 3-maydan qatnab o‘qishni boshlaydi.

“Biz asta-sekinlik bilan ochilmoqchimiz, — dedi Melyon shahridagi boshlang‘ich maktabga tashrif buyurgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. — Virus tarqalishi yana avj olmasligi uchun buni juda sekinlik bilan amalga oshiramiz”.

Kelasi haftadan Fransiyada mamlakat ichidagi safarlar uchun taqiq bekor qilinadi, biroq 19:00 dan 6:00 gacha davom etadigan komendantlik soati saqlanib qoladi.

May o‘rtalaridan esa Fransiyada eng muhim mahsulotlar do‘konlari va ba’zi madaniy maydonlar ochila boshlaydi. Restoran va kafelar ayvonlari ham ishga tushadi.

Ayni vaqtda Fransiyada intensiv davolash palatalaridagi COVID-bemorlar soni o‘tgan yil bahoridan buyon eng yuqori ko‘rsatkichlarga yetmoqda. Hozir u yerda 6 mingga yaqin bemor bor.

Oxirgi paytlarda Fransiyada koronavirusga chalinish holatlari kuniga 30 mingtani tashkil qilmoqda, bu shu oy boshidagi ko‘rsatkichlardan 10 mingtaga kam demakdir.

Makronning so‘zlariga ko‘ra, aholining katta qismi COVID-19’ga qarshi emlanganidan keyin, kelasi oy koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanishini kutmoqda.