Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi ikki qavatli uyda gaz portlashi natijasida bir kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. “Hududgazta’minot” ushbu portlashga nima sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Voqea joyida FVV xodimlari bilan birgalikda “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali xodimlari ish olib bordi.

O‘rganishlar jarayonida maishiy ehtiyoj uchun tabiiy gazni o‘g‘irlash natijasida 2 qavatli binodagi uylardan birining xonasida tabiiy gaz to‘planishi sodir bo‘lgani aniqlandi.

Foto: “Hududgazta’minot”

Xonadon egasi hisoblagichni olib tashlab, gaz quvurlarini kanalizatsiya sifoni orqali ulab qo‘yishi tabiiy gaz sizib chiqishiga sabab bo‘lgan. Gaz-havo aralashmasi chaqnashi natijasida bir kishi vafot etgan.

“Hududgazta’minot” AJ iste’molchilardan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzmaslik, maishiy foydalanishda nostandart gaz uskunalari va qo‘lbola moslamalarni ishlatmaslikni so‘ragan. Agar tabiiy gaz sizib chiqish holati aniqlansa, zudlik bilan xonani shamollatish va 104 orqali dispetcherlik xizmatiga yoki 1104 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishni eslatib o‘tgan.

Bundan avval Qashqadaryoda metan zapravkada turgan Nexia’ning gaz balloni portlashi oqibati bir kishi halok bo‘lgani, Farg‘onadagi ko‘p qavatli uylarning birida gaz portlagani hamda Jizzaxda “musorovoz”ning gaz balloni portlashi oqibatida yo‘l chekkasida turgan ota-bola reanimatsiyaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi.