Rossiyaning Sankt-Peterburg shtatida boks bo‘yicha Gubernator Kubogi—2021 musobaqasi final bahslari 24-aprel kuni o‘tkazildi.
Final bahslarida jami besh nafar o‘zbekistonlik bokschi qatnashmoqda. O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ishtirokidagi ushbu janglarning to‘rttasi yakunlandi.
Nodirjon Mirzaahmedov (-49 kg) mezbonlar vakili Igor Saregorodsevga qarshi ringga ko‘tarildi. Jang o‘zbekistonlik bokschining ustunligida o‘tdi va yosh iqtidor egasi oltin medalga ega chiqdi.
Shahobiddin Zoirov (-52 kg) qozog‘istonlik Mahmut Sabirxanga qarshi jang qilib, ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Abdumalik Halokov (-60 kg) rossiyalik Albert Batirgaziyevga qarshi jang qildi va mag‘lubiyatga uchrab, kumush medal bilan cheklandi.
Mirazizbek Mirzaxalilov (-57 kg) ham Rossiya vakiliga to‘qnash keldi. Dmitriy Spivak bilan bo‘lgan jangda Mirzaxalilov raqibiga imkon qoldirmadi.
Shu tariqa uch nafar o‘zbekistonlik bokschi ushbu xalqaro musobaqa g‘olibiga aylandi. Bu kechada shuningdek, og‘ir vazn toifasi vakili Bahodir Jalolov ham ringga ko‘tariladi.
Ma’lumot uchun, oltin medal egalari 450 ming rubl (63 mln so‘m) miqdoridagi pul mukofotiga ega bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin egalari 250 ming (35 mln so‘m), bronza medali sohiblari esa 150 ming rubl (21 mln so‘m) bilan taqdirlanadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)