COVID-19 pandemiyasi yaqin kelajakda nazoratga olinadi deb ishonish uchun barcha asoslar mavjud. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreyesusning so‘zlariga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Tedros Gebreyesus

Foto: AP Photo

“Pandemiyani bir necha oy ichida nazorat ostiga olish uchun barcha zarur vositalarga egamiz, agar ularni izchil va mutanosib ravishda qo‘llasak, bunga erishamiz”, — dedi JSST rahbari.

Shu bilan birga, JSST rahbari butun dunyo bo‘ylab 25 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lganlar orasida COVID-19 tarqalishi tezligining yuqori ekanidan xavotir bildirdi. “Ehtimol, bu ular orasida virus tarqalishi oson va mazkur yoshdagilar o‘rtasida ijtimoiy aralashuvning yuqoriligi natijasida bo‘lishi mumkin”, — deb ta’kidladi Gebreyesus.

Uning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyoda COVID-19 infeksiyasining yangi holatlari soni sakkizinchi hafta ketma-ket o‘sib bormoqda. JSST rahbarining ta’kidlashicha, o‘tgan hafta ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha rekord daraja qayd etilgan — 5,2 milliondan ortiq.

JSSTning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich 18-aprel kuni koronavirusdan kasallanish va o‘lim darajasi oshgani sababli tashkilot pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni xavotirli deb baholagani haqida aytgandi.

“Hozir biz ketma-ket yetti hafta davomida kasallikka chalinish holatining ortishi va to‘rt hafta ichida o‘limlar sonining ko‘payishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu qo‘rqinchli tendensiyalar, chunki virusning yangi variantlari paydo bo‘lishi cheklov choralarining bekor qilinishi va vaksinalarning mamlakatlar o‘rtasida adolatsiz taqsimlanishiga o‘z ta’sirini  o‘tkazmoqda”, — dedi JSST vakili.

Fevral oyida JSST koronavirus pandemiyasi 2022-yil boshida tugashi mumkinligini aytgandi. Shuningdek, Bloomberg koronavirus pandemiyasi qachon tugashini hisoblab chiqqan. Hisob-kitoblar uchun vaksinalar hajmi asos qilib olindi, chunki ilmiy jamoatchilik fikriga ko‘ra, pandemiyani yengish uchun dunyo aholisining 70—85 foizi emlanishi kerak. Hisob-kitoblar o‘zgarishi mumkin, chunki ayrim mamlakatlar virusni tezroq yengadi, deydi tahlilchilar.

Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshidan beri butun dunyoda 142 098 067 kishi koronavirusga chalingan, shulardan 3 029 811 nafari kasallik oqibatida vafot etgan.