Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yetti haftadan buyon birinchi marta koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish darajasi o‘sganini qayd etdi. Bu haqda birifing chog‘ida tashkilot bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

Foto: Getty Images

“Yetti hafta ichida birinchi marta kasallanish holatlari ko‘payayotganini ko‘ryapmiz”, — dedi JSST rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusni yuqtirish holatlari Shimoliy va Janubiy Amerikada, Yevropada, Janubi-Sharqiy Osiyoda va Sharqiy O‘rtayer dengizida ko‘paygan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta — 22—28-fevral kunlari  dunyoda COVID-19’ga chalinish bilan bog‘liq 2,65 millionta yangi holat aniqlangan. Shularning 1,12 milliontasi Shimoliy va Janubiy Amerikada, 1,05 millioni — Yevropada, 171 mingtasi — Janubi-Sharqiy Osiyoda, 207 mingtasi — Sharqiy O‘rtayer dengizida, 50 mingtasi — Afrikada qayd etilgan.

Fevral oxirida koronavirus bilan kasallanish darajasi o‘sishi mumkinligi haqida AQSh prezidenti Jo Bayden aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi bemorlarning ko‘payishi virusning yangi shtammlari paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, virusni yuqtirish holatlari ko‘paygani haqida Finlyandiya hukumati ham xabar berdi. Mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinib, restoranlar va maktablar vaqtinchalik yopildi, hududlararo harakatlanish cheklandi.

Avvalroq JSST dunyo aholisining 10 foizidan kamrog‘ida COVID-19’ga qarshi antitana mavjudligini ma’lum qilgan edi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 114 milliondan oshgan, shularning 2,53 millioni kasallikdan vafot etgan.