Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining yetti nafar vakili antidoping qoidalarini buzgani sabab 4 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston milliy antidoping agentligi (UzNADA) matbuot xizmati ma’lum qildi.
UzNADA huzuridagi Axloq bo‘yicha komissiyasining qaroriga ko‘ra O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi a’zolari Mansur Almurodov (73 kg), Shaxmerdan Kemalov (+109 kg), Hayotbek Zokirov (96 kg), Mahmudbek Yusupov (+109 kg), Hikmatillo Fazliddinov (81 kg), Fozilbek Jumanazarov (96 kg) va Xudoyor Meliqo‘ziyev (67 kg) to‘rt yil muddatga diskvalifikatsiya qilingan.
Yuqoridagi sportchilarning 2020-yil 15-oktabrda topshirgan qon tahlillarida anabolik steroid gormonlar guruhiga mansub metandiyenon, metasteron, testosteron, kanrenon kabi taqiqlangan moddalar aniqlangan.
Sportchilarning diskvalifikatsiyasi 2021-yil 31-martdan boshlanib, 2025-yil 30-martga qadar davom etadi. Shuningdek, ularning 2020-yil 15-oktabrdan keyin qo‘lga kiritgan barcha medallari va reyting ochkolari bekor qilinadi.
Avvalroq belbog‘li kurash ustasi Mardondek Kimsanov va Karate bo‘yicha Osiyo chempioni Nodira Jumaniyozova doping sababli 4 yilga diskvalifikatsiya qilingani ma’lum bo‘lgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)