Belbog‘li kurash ustasi Mardondek Kimsanov antidoping qoidalarini buzganligi sabab 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi.
Kimsanov 2019-yilda Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan Jangovar yakkakurash sport turlari bo‘yicha Jahon chempionatida oltin medalga ega chiqqan. Mazkur musobaqa vaqtida o‘zbekistonlik sportchidan olingan qon tahlilidan klenbuterol taqiqlangan moddasi topilgan.
Bu haqda ITA xalqaro agentligiga tayanib, O‘zbekiston milliy antidoping agentligi ma’lum qildi. Shu tariqa Kimsanovning yuqorida qayd etilgan musobaqadagi oltin medali va to‘plagan reyting ballari bekor qilindi.
Diskvalifikatsiya muddati 2020-yilning 7-fevralidan 2024-yilning 6-fevraliga qadar amal qiladi.
Avvalroq Karate bo‘yicha Osiyo chempioni Nodira Jumaniyozova doping sababli 4 yilga diskvalifikatsiya qilingani ma’lum bo‘lgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!