Toshkent shahar Olmazor tumanida 17 yoshli voyaga yetmagan bola o‘z tengdoshi bilan janjallashib, uni pichoqlab qo‘ydi, deya xabar bermoqda Tergov departamenti.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 4-aprel kuni soat 19:00 larda A.J. ismli yigit Olmazor tumani Beruniy ko‘chasida joylashgan jamoat joyi hisoblangan Mir Cinema do‘koni oldida bo‘la turib, shu yerda bo‘lgan voyaga yetmagan 17 yoshli S.A. bilan hech bir sababsiz janjallashgan.
Shu vaqtda A.J. yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan S.A. badanining turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan.
TTA-2 kilinik shifoxonasining tibbiy ma’lumotida S.A.da qorin old, ikkala kurak, chap bel sohasi, ikkala son tashqi yuzasi va o‘ng dumba qismida kesilgan jarohatlari ko‘rsatilgan.
Olmazor tumani IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan voyaga yetmagan 17 yoshli A.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “v” bandi (sovuq qurolni namoyish qilib, uni qo‘llab, bezorilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda ushbu janjalning kelib chiqish sabablari aniqlanmoqda.
Bundan avval Andijonda 68 yoshli erkak do‘sti bilan janjallashib, uni pichoqlab o‘ldirgani, Farg‘onada qaynota va qaynakasini pichoqlagan shaxs oila buzilmasligi uchun sud zalidan ozod qilingani hamda Nukusda yigit o‘ziga tanish bo‘lgan qiz va uning yonidagi bolani pichoqlab qo‘ygani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)