Rossiya va AQSh Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq yadro zaxirasi ma’lumotlarini o‘zaro almashdi. Bu haqda AQSh Davlat departamentiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.
Davlatlar har olti oyda bir-birining strategik kuchlari haqidagi ma’lumotlari bilan tanishib chiqadi. Oxirgi marta bu 2020-yilning 1-sentabr holatiga nisbatan o‘tkazildi. O‘tgan olti oy ichida Rossiya yadroviy jangovar kallaklar sonini to‘qqiztaga ko‘paytirdi, AQSh esa 100 taga kamaytirdi.
2021-yilning 1-mart holatiga ko‘ra, Rossiyada 517 ta (sentabrda 510 ta) qit’alararo ballistik raketalar, suvosti kemalari va og‘ir bombardimonchi samolyotlarning ballistik raketalari joylashtirilgan, AQShda esa bu ko‘rsatkich 651 tani (sentabrda 675 ta) tashkil qiladi. Rossiyaning ushbu tashuvchilarida 1456 ta (sentabrda 1447 ta), AQShnikida esa 1357 ta (sentabrda 1457 ta) yadroviy jangovar kallaklar mavjud.
Shuningdek, Rossiya joylashtirilgan va joylashtirilmagan ishga tushiruvchi qurilmalari sonini uchtaga ko‘paytirib, ularning sonini 767 taga yetkazdi. AQShda esa bu ko‘rsatkich sentabrdan buyon o‘zgarishsiz qoldi (800 ta).
Avvalroq Eron yadroviy kelishuviga a’zo davlatlar AQShning ushbu bitimga qaytishiga yordam bermoqchiligini ma’lum qilgandi. AQSh Venadagi muzokaralarda vositachilar orqali ishtirok etish rejalarini tasdiqladi. “AQSh Davlat departamenti hozircha Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga umid bog‘lamaydi, ammo bu imkoniyatga ochiq bo‘lib turibdi”, — degan departament vakili.
Shimoliy Koreya esa ikkita yangi boshqariluvchi taktik raketalarni sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Sinovlar 25-mart kuni bo‘lib o‘tgan. Koreyalik harbiylar xabariga ko‘ra, ikkala raketa ham KXDR sharqiy qirg‘oqlaridan 60 kilometr masofada joylashgan nishonga muvaffaqiyatli borib teggan. Muvaffaqiyatli parvoz haqida davlat rahbari Kim Chen In xabardor qilingan.
Izoh (0)