2019—2020-yillarda Suriyadan ayollar va bolalarni olib kelish bo‘yicha o‘tkazilgan “Mehr” operatsiyasiga bag‘ishlangan “Tutqunlik” nomli film suratga olinmoqda.
“O‘zbekkino” buyurtmasiga binoan suratga olinayotgan filmda turli sabablarga ko‘ra Suriyaga borib qolgan oilalar taqdiri o‘z aksini topadi.
Filmning tasvirga olish ishlari Buxoroda bo‘lib o‘tmoqda.
Ta’kidlanishicha, unda Yaqin Sharqqa ish qidirib borgan yosh feldsher yigit, turmush o‘rtog‘ining ortidan borishga majbur bo‘lgan va uni yo‘qotib qo‘ygan ayol, ota-onasi Suriyaga olib ketgan 11 yoshli bola kabi qahramonlar taqdiri haqida hikoya qilinadi.
Ma’lumot uchun, “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi ilk bor 2019-yili amalga oshirgan bo‘lib, unda 156 nafar o‘zbekistonlik, asosan, ayollar va bolalar Suriya poytaxti Damashqdan maxsus reys bilan O‘zbekistonga olib kelingan. 2019-yilning oktabr oyida esa Yaqin Sharqdagi mojarolar hududidan o‘zbekistonliklarni qaytarish bo‘yicha ikkinchi maxsus operatsiya amalga oshirilgan. 2020-yilning dekabridagi uchinchi maxsus operatsiya doirasida Suriyadan 25 nafar ayol va 73 nafar bola, 2021-yildagi “Mehr-4” operatsiyada esa 24 nafar fuqaro Afg‘onistondan O‘zbekistonga qaytarilgan.