Qashqadaryo viloyatida noqonuniy ravishda spirtli ichimlik ishlab chiqargan yashirin sex aniqlandi. Bu haqda IIV Tezkor-qidiruv departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 1990-yilda tug‘ilgan bir nafar va 1997-yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, qo‘lbola aroq ishlab chiqarish maqsadida yashirin sex tashkil qilgan.
Tezkor tadbir davomida mazkur sexdan jami 680 litr kelib chiqishi nomaʼlum bo‘lgan spirt, 4624 dona aroq mahsulotlari, ikki dona stanok, gaz balloni, yorliqlar, shisha idish va qog‘oz qutilar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib, salomatlik uchun xavfli bo‘lgan mahsulotlarning isteʼmolga chiqib ketishining oldi olindi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “v” bandi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa) hamda 1861-moddasi 3-qismi “b” bandi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)