Kongo respublikasida o‘tgan prezidentlik saylovlarida amaldagi davlat rahbari Deni Sassu-Ngesso g‘alaba qozondi. Bu haqda Kongo tashqi ishlar vazirligi axborotiga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Deni Sassu-Ngesso

Foto: “TASS”

Deni Sassu-Ngesso dastlabki natijalarga ko‘ra 88,57 foiz ovoz olgan, deya markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlarini keltirgan Agence France-Presse. Shu tariqa Kongoda saylovlarning ikkinchi turi o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

Navbatdagi g‘alaba 77 yoshli Deni Sassu-Ngesso uchun siyosiy faoliyati davomidagi to‘rtinchi saylovlardagi g‘oliblik hisoblanadi. U Kongodagi hukmron mehnat partiyasidan o‘z nomzodini ilgari surgan. Sassu-Ngesso mamlakatda 1979-yil fevral oyida davlat rahbarligini qabul qilib olgan va 1992-yilgacha Kongoni boshqargan. 1992-yilda u prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan, biroq 1997-yilda fuqarolar urushi tugaganidan keyin yana prezidentlik kursisiga o‘tirgandi. Sassu-Ngesso Kongoda davlat rahbari sifatida 37 yildan buyon boshqarib kelmoqda.

Bu safargi saylovlarda yetti nafar nomzod prezidentlik uchun kurash olib bordi. Amaldagi davlat rahbarining asosiy raqobatchilari muxolifat vakillari va sobiq vazirlar Gi-Bris Parfe Kolela va Matias Zon edi. Saylovlar boshlanishiga uch kun qolganida Kolelaning koronavirusga chalingani ma’lum bo‘ldi. 22-mart kuni siyosatchi uni Kongo poytaxti Brazzavildan Fransiyaga olib ketayotgan tibbiyot samolyotida vafot etgan. Kongo markaziy saylov komissiyasi Kolelaga 7,84 foiz saylovchilar ovoz berganini xabar qilgan. Kongoda 2,5 million aholi saylash huquqiga ega va shundan 67,55 foiz fuqarolar saylovlarda ishtirok etdi.

2015-yilda umummilliy referendumdan keyin qabul qilingan Kongo respublikasining konstitutsiyasi bo‘yicha prezidentlik muddati besh yilni tashkil qiladi. Asosiy qonunga ko‘ra saylovlarda g‘olib chiqqan nomzod yana ikki marta qayta saylanish huquqiga ega. Deni Sassu-Ngesso 2016-yilda yangi konstiutsiyaga muvofiq o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozongan va muxolifatning sobiq rahbari Klement Muambaga bosh vazir lavozimini ishonib topshirgandi.