1961-yilning 17-yanvar sanasida Patris Lumumba va uning bir necha safdoshlari uzoq vaqt davom etgan qiynoqlar va mazaxlardan so‘ng otib tashlanadi. Sana munosabati bilan “Daryo” Malkolm X ’ning haqiqiy kumiri, Afrika xalqlari ozodligi kurashchisi, yevropalik kolonistlarning maymuni bo‘lishni istamagan Patris Lumumba tarixi haqida hikoya qiladi.

Inqilobchi pochtalyon

Patris Emeri Lumumba 1925-yilning 2-iyul sanasida tark etgan mintaqa Belgiya Kongosida dunyoga keladi. “Xudo unutgan mintaqa” deb nomlanishi bejizga emasdi, sababi XIX va XX asrlarda aynan shu mintaqada Belgiya hukmdorlari Kongoni o‘zlarining manzil mustamlakasiga aylantirgan va hududda shafqatsiz genotsid jinoyatlarini sodir etganligi haqida tarixiy manbalar guvohlik beradi. Belgiya qiroli Leopold II nihoyatda baxil va shafqatsiz bo‘lib, mahalliy aholi beshafqat tarzda quldek ishlatilar, ishlamagan kongolik tub aholining esa qo‘llari kesib tashlanardi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, 1885 va 1908-yillar oralig‘ida oq tanli belgiyaliklar Kongo aholisining 10 millionga yaqinini jismonan yo‘q qilib yuborgan. 1908-yilga kelib Kongoda belgiyalik hukmdorlarning qilmishlari ommaviy axborot vositalarining diqqat markaziga tushadi, jurnalistlar o‘z maqolalarida Belgiya qirollarining Kongodagi vahshiyliklarini ochib tashlashi ortidan, Belgiya hukumati jamoatchilik fikri ta’sirida Kongodagi mustamlakachilik bilan bog‘liq ajdarho qonunlarni yumshatishga majbur bo‘ladi. Ammo Kongo hamon Belgiyaning mustamlaka o‘lkasi edi.

Foto: Google Photos

Qashshoq oilada tug‘ilgan Patris omadli edi, uni katolik missionerlar maktabiga o‘qishga qabul qilishadi. 13 yoshga to‘lgan Lumumba o‘qishini protestantlik maktabida davom ettiradi. Protestantlik maktabida feldsherlik sir asrorlarini o‘rganadi. Keyin esa  kotib, so‘ng  qalay qazib chiqarish bilan shug‘ullanadigan kompaniyada xizmatchi bo‘lib ish boshlaydi.  Ish faoliyati davomida kechki kurslarga qatnab, falsafa, tarix va adabiyot fanlarini o‘rganadi. Kurslarni tamomlagach Kisanganidagi mahalliy pochta idorasida pochtalyon bo‘lib xizmat qiladi.

Patris Lumumbaning tarjimai holi haqida gap ketganda, uning do‘stlari va dushmanlari Afrika xalqlari ozodligi kurashchisining bosib o‘tgan yo‘li haqida turli fikrlar va nuqtai nazarlarni ilgari suradi. Jonajon Kongosidagi murakkab siyosiy vaziyat Patris Lumumbani 1950-yillarga kelib inqilobchilar safiga qo‘shilishiga sabab bo‘ladi. Patris Lumumba dushmanlari nazarida esa, u mustamlakachi tizimda karyera qilishga bel bog‘laganligi, pul bilan bog‘liq o‘g‘rilikda ayblanib, mustamlakachilardan o‘ch olish uchun ham inqilobchi bo‘lganligi aytiladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham Patris Lumumba 1958-yilga kelib taniqli inqilobchi sifatida tanilishga ulgurgan va hattoki Milliy Kongo harakati partiyasini tashkil qilishga erishgandi.

Ortiq biz sizning maymuningiz emasmiz!

Belgiyaga qarshi norozilik kayfiyatining kuchayishi rasmiy Bryusselda Kongodan ketish vaqti kelganligiga ishora qilardi. Lekin shunday bo‘lsa-da, Belgiya hukumati Kongoda o‘z ta’sirini saqlab qolish haqida reja tuzardi.  Lumumba esa belgiyaliklar Kongodan bir umrga ketishlarini talab qilishi ortidan, Belgiya rasmiylari orasida eng yoqimsiz va istalmagan shaxsga aylangandi. Lumumbaning so‘l qarashlari belgiyaliklar bilan birgalikda Kongodagi voqealarni diqqat bilan kuzatayotgan AQShni ham xavotirga solardi, chunki Lumumba Sovet Ittifoqi bilan yaqinlashish va hamkorlik o‘rnatish sari intilayotgandi.

1960-yilning may oyida Kongoda ilk marta parlament saylovlari o‘tkaziladi. Saylov natijalariga ko‘ra Patris Lumumbaning Milliy harakat partiyasi g‘alaba qozonadi va Patris Lumumba Kongo Respublikasining bosh vaziriga aylanadi. Belgiya Kongoning mustaqilligini rasman e’tirof etgan holda, mamlakatdagi oq tanlilar va Belgiya tarafdorlari bo‘lgan mahalliy aholi yordamida mamlakatni o‘z ta’sir doirasida ushlab turishga intilardi. 1960-yilning 30-iyun sanasida Belgiya qiroli Boduen I Kongoga rasmiy tashrif buyuradi. Tashrif chog‘ida Kongoning birinchi prezidenti Jozef Kasavubu tantanali marosimda Kongoni milliy jihatdan  modernizatsiyalash, ko‘p irqli jamiyat va sobiq metropoliya bilan aloqalarni davom ettirish haqida nutq so‘zlaydi.  Bosh vazir Patris Lumumba esa sobiq mustamlakachilarga hech ham mulozamat qilmasdan qirol Boduen I ga qarata “Biz ortiq sizning maymunlaringiz emasmiz” deya xitob qiladi. Boduen I Patris Lumumbaning mazkur nutqidan o‘zini yo‘qotib qo‘yadi.

Foto: Google Photos

Noqulay bosh vazir

Lumumba hukumati mamlakatning iqtisodiy zaxiralariga kongoliklarning o‘zlari egalik qilishini, davlat iqtisodiyotini rejalashtirish, asosiy ehtiyoj mahsulotlariga qat’iy narx belgilanishini, ishchilarning ish haqlarini oshirishlarini rejalashtirayotgandi. Qolaversa Lumumba hukumati cherkovni davlatdan ajratadi, tashqi siyosatda qo‘shilmaslik harakati g‘oyasiga amal qiladi va Afrikada irqchilikni tugatish va mustaqillikni to‘la to‘kis amalga oshirilishi uchun harakat qiladi.

Lumumba tanlagan yo‘l esa Kngodagi ko‘pchilikka ma’qul emasdi. Prezident Kasavubu Lumumbaga qarshi chiqadi. Armiya isyon ko‘taradi, “Yunion Minyer” belgiya kompaniyasining ish boshqaruvchisi Moiz Chombe esa tabiiy zaxiralarga boy Katanga viloyatini Kongodan mustaqil davlat deya e’lon qiladi.

Belgiya hukumati esa Kongodagi vaziyatni tartibga solish uchun sobiq koloniyasiga qo‘shin kiritadi. Bosh vazir Patris Lumumba esa 14-iyul sanasida BMT xavfsizlik kengashiga murojaat qilar ekan Kongoni Belgiyaning tajovuzidan himoya qilishda ko‘mak berishini so‘raydi. Biroq moviy kaska kuchlari mamlakatdagi tartibsizlikni keltirib chiqarishda Patris Lumumbaning Milliy harakatini ayblaydi. Aynan shunda Patris Lumumba Sovet Ittifoqidan yordam so‘rashga qaror qiladi, biroq Lumumba kech qolgandi. Mamlakatdagi vaziyatni allaqachon Lumumbaning siyosiy raqiblari nazorat qilardi. Qolaversa AQSh hukumati ham Lumumbaning so‘l kayfiyatdagi siyosiy chiqishlaridan “bizga Afrikada yana bitta Fidel” kerak emas deb turgandi.

Foto: AP

Moiz Chombe prezident Kasavubuga talab qo‘yadi. Agarda Patris Lumumbani  iste’foga chiqarsangiz o‘z isyonimni to‘xtataman, deydi. Kasavubu Lumumbani bosh vazirlikdan iste’foga chiqarib uy qamog‘iga oladi, ammo Katangadagi isyonga barham berilmaydi. Lumumba esa uy qamog‘ida qolaveradi. Mamlakatga kiritilgan moviy kaskalar esa tinchlikni saqlovchi kuchlar sifatida emas, istilochilar sifatida harakat qiladi.

Buyurtma qotillik

Lumumbaning tarafdori Antuan Gizenga isyon ko‘taradi va Patris Lumumbani uy qamog‘idan ozod qiladi. Lumumba shimoldagi o‘z tarafdorlari oldiga ketayotgan paytda siyosiy raqiblari tomonidan qo‘lga olinadi. Oradan 40 yil o‘tib, Lumumbaning o‘z dushmanlari qo‘liga tushib qolishi sabablari ochiqlanadi. Aniqlanishicha, Lumumbaning raqiblari sobiq bosh vazirni Moiz Chombe qo‘liga topshirishadi. Moiz Chombe esa Patris Lumumbani Katangadagi bir kulbaga qamab, qiynoqlar qo‘llashadi. Lumumbadan qasd olish jarayoniga belgiyalik harbiylar va ayrim maxsus xizmatlarning xodimlari bosh qosh bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar keyinchalik ommaga ochiqlanadi.

1961-yilning 17-yanvar sanasida Patris Lumumba va uning bir necha safdoshlari uzoq vaqt davom etgan qiynoqlar va mazaxlardan so‘ng otib tashlanadi. Lumumba jasadi esa qotillari tomonidan yo‘q qilib yuboriladi. Lumumbaning qotilligiga, hattoki, AQShning MRBsi ham bosh qosh bo‘lgani ham aytiladi. Biroq MRB hozirga qadar Lumumbaning o‘limiga daxldor ekanligi borasidagi fikrlarni rad qilib keladi. Lumumbani yo‘q qilish rejasini prezident Duayt Eyzenxauerning o‘zi tasdiqlagani haqida ma’lumotlar ochiqlanadi. Sabab esa, AQSh Lumumbaning so‘l siyosiy qarashlari va Afrika qit’asida yana bitta kommunizm o‘chog‘i ochilishini istamaganligi ekanligidir.

2002-yilda Belgiya hukumati Patris Lumumbaning o‘limiga daxldor bo‘lganligini ta’n oladi, biroq qotillikning barcha tafsilotlarini o‘rganishda yordam berishdan bosh tortadi.

2010-yilda esa katta janjalga sabab bo‘lgan Patris Lumumbaning iste’fosi va o‘limiga Buyuk Britaniya maxfiy xizmati MI-6 ning aloqasi borligi haqidagi maxfiy ma’lumotlar e’lon qilindi. Britaniya hukumati esa Leyboristlar partiyasi a’zosi bo‘lgan Devid Lining Patris Lumumbaning qotilligida MI -6 xizmatining qo‘li borligi haqidagi bayonotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytib, raddiya berishdi.

Bosh vazirning o‘limidan so‘ng Kongo bir necha o‘n yil davom etgan fuqarolar urushi mamlakatiga aylanib ketadi. XXI asrga kelib Kongodagi vaziyat barqarorlasha boshladi.