Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida 330 o‘rinli yangi maktab foydalanishga topshirildi. Bu haqda xabar bergan “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatovning yozishicha, loyiha qiymati 4,5 milliard so‘m bo‘lgan maktab hududda yashovchi aholi, tadbirkor va fermerlar tomonidan hashar yo‘li bilan qurib bitkazilgan.
Ta’kidlanishicha, shu kunga qadar tumanning eng chekka hududi hisoblangan Mehnatobod qishlog‘ida umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lmagan. Qishloq yoshlari eski dala shiyponi o‘rnida — moslashtirilgan binoda boshlang‘ich ta’limni olgan. Yuqori sinflarda o‘qish uchun esa har kuni 4-5 kilometr masofa piyoda yurib, qo‘shni qishloqdagi maktabga qatnagan.
Aholi, tadbirkor va fermerlar tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan maktabni jihozlash uchun tuman hokimligi tomonidan 750 million so‘m mablag‘ ajratilgan va maktab jihozlangan.
Tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov yangi maktab uchun kompyuter sinfi, zamonaviy musiqa va sport anjomlarini topshirgan. Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan maktab uchun zamonaviy sport zali qurib berilishini ma’lum qilgan.
Mavzuga doir:
- “Maktab ‘avariyniy’ning ‘avariyniy’ holatida”. Deputat Tomdi tumanidagi qulab tushmaslik uchun temir bilan “chirmab” qo‘yilgan maktab haqida
- “Paxsa devorli hujrada 96 nafar o‘quvchi o‘qiydi”. Chiroqchiliklar maktab filiallari talabga javob bermasligidan shikoyat qilmoqda
- Qashqadaryoda 1972-yilda qurilgan shiypon maktabda o‘qiyotgan o‘quvchilar ilon yoki chayon chaqishidan cho‘chimoqda
Izoh (0)