Chiroqchi tumanidagi maktablar ahvoli tasvirlangan fotolar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev ham Chiroqchi tumanidagi maktablar ahvolidan “so‘zlovchi” suratlar bilan qiziqdi va tumandagi tilga olingan manzillarda bo‘ldi.

153-maktab

Foto: “Daryo”

Dastlabki manzilimiz tumanning chekka hududlaridan biri “Paxtalisoy” mahallasida joylashgan 153-maktab bo‘ldi. Maktabning tashqi ko‘rinishi suratda tasvirlanganidek pana-pastqam emas. Binoyidek, ikki qavatli. Sinfxonalari ham ko‘klarga ko‘tarib maqtagudek bo‘lmasa-da, har qalay noliydigan darajada ham emas.

153-maktab

Foto: “Daryo”

— Maktabimiz 1989-yil bog‘cha sifatida qurilgan bo‘lib, 1996-yil maktabga moslashtirilgan, — deydi 153-maktab direktori Bozor Soatov. — Maktab quvvati 200 o‘rinli bo‘lib, ayni kunda 496 nafar o‘quvchi ikki “smena”da tahsil oladi.

Maktab direktori Bozor Soatovning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar hamda xorij OAVsida shu maktabdagi holat ekanligi aytilgan rasmlarning faqatgina bittasi — o‘rtasi ko‘chib tushgan doska shu maktabdan olingan. U ham bo‘lsa bundan 3 yil oldingi holat.

153-maktab direktori Bozor Soatov

Foto: “Daryo”

— Ushbu rasmni o‘zim tushirganman, — deydi Bozor Soatov. — Bundan taxminan 3 yil ilgari tuman xalq ta’limi bo‘limining topshirig‘iga ko‘ra, ahvoli og‘ir maktablar ro‘yxati shakllantirilgan. O‘shanda sinfxonamizdagi doskani o‘zim rasmga olib, “ta’mirtalab maktablar safida biz ham bor” degandim.

Direktorning aytishicha, o‘rtasi ko‘chgan doska tasvirlangan surat 3 yil ilgari XTB mas’ullariga taqdim etilgan.

Kuzatuvlarimizga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda ommalashayotgan suratlardagi binosi eski va qarovsiz hojatxona ham shu maktabdan olingan. Biroq, ushbu eski hojatxona yonida yangi hojatxona ham qurilgan. Ammo surat ulashuvchi ushbu vaziyatni yoki yoddan chiqargan yoki ataylab kadrdan chetda qoldirgan.

153-maktab hojatxonasi

Foto: “Daryo”

Ammo haqiqatan ham maktabda sport zal, oshxona yo‘q.

Tumanning Sho‘rquduq qishlog‘ida joylashgan 137-maktab filialining ahvoli esa haqiqatan ham og‘ir. 1980-yil hashar yo‘li bilan aholi tomonidan qurilgan binoda ayni kunda 38 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Qariyb 40 yildan beri maktab vazifasini bajarib kelayotgan binoda 2 ta sinfxona mavjud bo‘lib, sinfxonalardagi doskalar ham 40 yoshni qarshilagan ko‘rinadi.

137-maktab direktori Xurshid Xolmirzayevning ma’lumot berishicha, filial 2020-yil 60 o‘rinli qilib qayta quriladi.

137-maktab filiali

Foto: “Daryo”

— Filial ushbu hududdagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda 38 nafar o‘quvchi 2 ta sinfda tahsil oladi, — deydi maktab direktori Xurshid Xolmirzayev. — 1—3 sinflar bitta sinfda o‘qisa, 2—4 sinflar keyingi sinfxonada tahsil oladi.

Maktab direktorining ta’kidlashicha, filial va asosiy maktab o‘rtasidagi masofa 5 kilometrni tashkil etadi.

137-maktab filiali sinf xonasi

Foto: “Daryo”

— Tumanimizda 187 ta maktab, 40 ta filial mavjud, — deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nazira Abrayeva. — Tan olish kerak, 40 ta filialning 16 tasi shunday og‘ir ahvolda. Ilgari filiallarimiz 60 tadan ko‘p edi. Aholi tumanning chekka-chekka hududlariga ko‘chib chiqib uy qurgan, so‘ngra farzandlari uchun maktab talab qilgan. Qarabsizki, 20—30 nafar o‘quvchi uchun ham 2-3 xonali bino qurilib, filial sifatida ruxsat berilavergan. Ana shu muammolar bugungi kunga kelib bo‘y ko‘rsatmoqda. Shunday bo‘lsa-da, o‘tgan yillar davomida 20 dan ortiq talabga javob bermaydigan filiallarimizni yopdik. 24 tasiga zamonaviy talabga javob beradigan bino qurib berdik. Endi bosqichma-bosqich qolgan filiallarimizni ham epaqaga keltirish harakatidamiz.

O‘qituvchilar xonasi

Foto: “Daryo”

Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tarqalgan suratlarda 69-maktab filiali ekanligi aytilgan bino haqiqatan ham mavjud bo‘lib, ayni kunda 96 nafar o‘quvchini bag‘riga sig‘dirgan.

“Past uyshun” qishlog‘idagi 69-maktab

Foto: “Daryo”

Aniqlanishicha, “Oqtosh” MFY “Past uyshun” qishlog‘ida joylashgan 69-maktabning 2 ta filiali mavjud bo‘lib, ko‘rinishidan uyni eslatuvchi birinchi binoda 96 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Ikkinchi filialda esa 65 nafar o‘quvchi tahsil oladi.

69-maktab sinf xonasi

Foto: “Daryo”

69-maktab filiali (qurilishi boshlangan bino)

Foto: “Daryo”

— Maktabimizning asosiy binosida 636 nafar o‘quvchi o‘qiydi, — deydi 69-maktab direktori Norbo‘ta Bekmurov. — 2 ta filialimizda esa 160 nafar o‘quvchi bor. 96 nafar o‘quvchi o‘qiyotgan kichkina filialimizning yonida yangi maktab qurilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 700 million so‘m mahalliy budjet mablag‘i evaziga ushbu kichkina hujra yonidan 60 o‘rinli maktab binosi qad rostlamoqda. Qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Tumanning Beshchashma hududidagi “Oq oltin” qishlog‘ida joylashgan 70-maktab filiali ham eski binoda joylashgan bo‘lib, 2009—2017-yillarda 67 nafar o‘quvchi tahsil olgan. Ayni kunda filialda o‘quvchi yo‘q. Boisi, qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

70-maktab filiali (qurilishi boshlangan bino)

Foto: “Daryo”

— Filialimiz qurilishi joriy yil sentabr oyida boshlangan bo‘lib, dekabr oyi yakunida qurib bitkaziladi, — deydi 70-maktab direktori Allayor Qultoyev. — Filial 60 o‘ringa mo‘ljallab barpo etilmoqda.

70-maktab direktori Allayor Qultoyev

Foto: “Daryo”

Chiroqchi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari tumandagi maktablar ahvoli xususida ijtimoiy tarmoqlar va xorij OAVsida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, bo‘rttirilgan ma’lumotlar tarqalishini tanqid qilmoqda.

70-maktab filiali sinf xonasi

Foto: “Daryo”

— Muammoni aytish kerak, albatta. Biroq, bo‘rttirmasdan, yolg‘on ma’lumotlarni qo‘shmasdan bor holatni aytish lozim, — deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Sobit Raimqulov. — Maktab hojatxonasining eskisini ko‘rsatib, yonida yangi qurilgan binoni ko‘rsatmaslik qanchalik adolatli? Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda aytilganidek, aksariyat filiallarda ayni kunda o‘qish to‘xtatilgan. Ta’mirlash ishlari ketmoqda.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nazira Abrayeva tumandagi maktab filiallarining aksariyati talabga javob bermasligini tan oldi.

— To‘g‘ri, filiallarimiz orasida talabga javob bermaydiganlari bor, — deydi Nazira Abrayeva. — Buni tan olamiz, albatta. Ammo mazkur ma’lumotni qayta-qayta ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish, xorij OAV sida siyqasi chiqib ketgunga qadar aylantirishdan nima naf? Bu muammolar kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Bu yillar davomida yig‘ilib qolgan. Prezident ta’kidlaganidek, ilgari maktablarimizning ahvoliga u qadar ham e’tibor berilmagan. Ammo so‘nggi 2—3 yil davomida ko‘plab ishlar qilinyapti-ku? Tumanimizdagi 24 ta filialning zamonaviy binolarga ega bo‘lgani bunga misol bo‘ladi.

115-maktab va uning qo‘shimcha binosi

Foto: “Daryo”

Kuzatuvlarimizdan ma’lum bo‘lishicha, tumandagi 115-maktabda ham o‘quvchi soni ortib ketgan. Sig‘imi 160 o‘rinli bo‘lgan ta’lim maskanida ayni kunda 483 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Maktab yonida eski bino bor. Maktab direktorining aytishicha, eski bino talabga javob bermagani bois o‘quvchilarni o‘qitishda muammo yuzaga kelmoqda.

Tuman XTB mas’ullarining ma’lumot berishicha, tumandagi mavjud 187 maktabda 89 565 nafar o‘quvchi tahsil oladi. 2019-yili 15 ta filial va 7 ta maktabda kapital ta’mir va rekonstruksiya ishlari bajarilgan. Prezidentning viloyatga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqqa ko‘ra Ko‘kdala hududida 3 milliard 600 million so‘m evaziga 420 o‘rinli zamonaviy maktab qad rostlamoqda.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev