Fuqarolarni Rossiyaga jo‘natish uchun soxta aviachiptalar tayyorlab berib, fuqaroning pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda S.S. va S.R. oldindan til biriktirib, fuqarolarni aldab, Rossiya hududiga kirishga ruxsat etuvchi hujjatlarni tanishlari orqali olib berishga ishontirgan. Evaziga har biridan 1300 dollar olib, Buxoro—Jukovskiy charter aviareysiga soxta chiptalarni tayyorlab berib, jami 17 nafar fuqaroning 22 100 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Holat yuzasidan S.S. va S.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28, 211-moddasi (pora berish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)