Ismoil Gasprinskiy XX asr boshlarida nafaqat Rossiya musulmonlari, balki butun Sharqda mashhur va nomi chiqqan shaxslardan biri edi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning o‘rtasida bo‘lgan Gasprinskiy hayotlik vaqtidayoq “millat otasi” degan nom olgani bejiz emas. 21-mart mashhur ma’rifatparvar Ismoil Gasprinskiyning tavallud kuni. Sana munosabati bilan “Daryo” mutafakkir hayoti va uning Turkistonga sayohati haqida ba’zi lavhalarni taqdim etadi.
Buyuk shaxslarning hayoti boshqalar uchun ibratli bo‘laganligi sababli ham ko‘proq e’tiborda bo‘ladi. Gasprinskiyning ham hayot yo‘li, oilasi borasida o‘nlab asarlar, tadqiqotlar yaratilgan. Shunday bo‘lsa-da, uning hayotiga doir ayrim faktik chalkashliklar uchrab turadi.Ismoil Gasprinskiyning otasi Mustafo 1810-yilda Qrimning Gaspra qishlog‘ida dunyoga kelgan. Ismoilbey o‘ziga otasining tug‘ilgan joyiga nisbat berib Gasprinskiy deb taxallus olgani ham shundan. Shu o‘rinda uning nima uchun Gasprinskiy deb taxallus olganiga biroz to‘xtalib o‘tish lozim. O‘z vaqtida uning muxlis va izdoshlarini ham shu savol bezovta qilgan edi. Ismoilbey bu savolga “Tarjimon” gazetasiga kelgan maktubga javobida aniqlik kiritib o‘tadi. Xususan, maktubda shunday deyilgan edi: “Mashhur bir boyning uyida bo‘lgan ziyofatda ‘Tarjimon’ gazetasi haqida ancha gaplar bo‘ldi. Shu o‘rinda muharirning ismi Ismoil bo‘lsa ham familiyasi nima uchun Gasprinskiy ekan, degan savollar bo‘ldi. Ziyofat davomida turli javoblar aytilgan bo‘lsa hamki, bu masalaga oydinlik kiritilmadi. Javobini muharrirdan eshitishga qaror qilindi”. Gasprinskiy maktubdagi savolga shunday javob beradi: “Qrimda Gaspra nomida bir qishloq bor, muharrirning otasi mana shu qishloqdan. Shuning uchun ham qrimcha Gasprali, sibircha Gaspringiy, sartcha Gaspralik, arabcha al-G‘asfriy, ruscha yo Gasprov, yo Gasprinskiy deyilsa joiz. Masalaning javobi mana shu”. Hozirgi tadqiqotlarda ham uning ismi turlicha — Turkiya va Qrimda Gasprali, Amerika, Yevropada va xususan bizda ham Gasprinskiy nomi qo‘llanilib kelinmoqda.
Gasprinskiyning bobosi Ali Gaspra qishlog‘ining ulug‘laridan bo‘lgan. Shu sababli ham Kavkaz general-gubernatori knyaz Voronsov-Dashkov bilan munosabati ancha iliq bo‘lgan. Shundan bo‘lsa kerak knyaz Voronsov Alining o‘g‘li Mustafoni o‘z himoyasiga olib Odessadagi litseyga o‘qishga joylashishiga ko‘mak beradi. Mustafo o‘qishini tamomlagandan so‘ng knyaz Voronsov devonxonasida tarjimon bo‘lib ishlay boshlaydi. Keyinchalik uning qilgan xizmatlari inobatga olinib, unga dvoryan martabasi beriladi. Ammo u dvoryan bo‘lishiga qaramay moddiy jihatdan ancha qashshoqlashib qolgan va nochorlikdan qo‘lidagi bor yerlarning anchasi qarzlardan qutulishga ketadi. Mustafobey ikki marta uylanadi. Birinchi turmush o‘rtog‘i 1849-yili vafot etadi va shu yili u Qrimning mashhur Qaytazovlar oilasiga mansub Fatma xonimga uylanadi. Mustafoning bu oilasidan ikki o‘g‘li va to‘rt qizi dunyoga keladi.
Ismoilbey oiladagi ikkinchi o‘g‘il bo‘lib, 1851-yilning 21-martida Ovchiko‘y qishlog‘ida tug‘ildi. U to‘rt yoshga to‘lganida oilasi Bog‘chasaroy shahriga ko‘chib o‘tadi va u yerda joylashib qoladi. Yosh Ismoil ilk savodini Bog‘chasaroyda, Zinjirli madrasasida Hoji Ismoil degan muallim qo‘lida chiqaradi. Uning bu tahsili 10 yoshga to‘lguniga qadar davom etadi. Ayrim tadqiqotlarda uning tahsili madrasada 7 yil davom etganligi ta’kidlansa, ba’zilarida esa Ismoilbeyning madrasadagi tahsili juda oz bo‘lib, hatto ona tilidan ham yaxshi savod olmagan, degan fikrlar aytiladi. Lekin uning ona tilini (qrim-tatar tili) yaxshi bilmasligi mumkin emas. Har holda u 10 yoshiga qadar oilasi bag‘rida bo‘ldi va mahalla maktabi hamda madrasada tahsil oldi. Bu borada professor Yavuz Akpinar Gasprinskiyning usmonli turk ma’murlari bilan bo‘lgan munosabatlarini tahlil qilar ekan, o‘z ona tilini mukammal bilmagan inson yuqori doiralarda qanday muomala ishlarini amalga oshirishi mumkin, deydi va uning “ona tilini yaxshi bilmaydi” iborasi “klassik usmonli tili”ga tegishli ekanligini ta’kidlaydi.
Ismoilbey 10 yoshga to‘lganida otasi Mustafobey o‘g‘lini Simferopoldagi harbiy maktabga beradi. Bu maktabda ikki yil tahsildan keyin u Voronej harbiy maktabiga va u yerdan Moskva harbiy bilim yurtiga o‘qishini ko‘chirtiradi. Moskva shahrida yosh Ismoil “Moskovskiye vedomosti” gazetasining bosh muharriri professor Ivan Katkov oilasida istiqomat qiladi. I.Katkov o‘z davrining mashhur shaxslaridan biri bo‘lganligidan uning uyiga rus adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillari tez-tez kelib turgan. Ismoilbey ham ana shunday suhbatlarning ko‘p guvohi bo‘lgan va bu suhbatlar uning dunyoqarashi shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan edi.
1868-yili 17 yoshga to‘lgan Gasprinskiy Moskvadagi o‘qishini tashlaydi va Bog‘chasaroyga qaytib keladi. U Bog‘chasaroydagi mashhur Zinjirli madrasasida rus tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlay boshladi. Ismoilbey madrasada bir yarim yil o‘qituvchilik qilgan davrida shahar politsiyasi boshlig‘i Shestovning shaxsiy kutubxonasidan ko‘p foydalanganligi ayrim manbalarda qayd etiladi. Shestovning kutubxonasi juda boy bo‘lib, ayrim ta’qiqlangan kitoblar ham saqlanar edi. Bu kitoblar va davriy matbuotni doimiy mutolaa qilgan Gasprinskiyning fikr doirasi va dunyoqarashi ancha kengaydi. Gasprinskiy biografiyasiga oid asar bitgan Ja’far Saidahmad Kirimerning yozishicha, Ismoilbey 1869-yili Yaltaning Dereko‘y qishlog‘idagi maktabga muallim etib tayinlanadi va Zinjirli madrasasidagi faoliyati uchun maorif mudirligining maxsus yorlig‘i bilan taqdirlanadi. Dereko‘ydan 1871-yili yana Bog‘chasaroyga qaytadi va Zinjirli madrasasidagi faoliyatini davom ettiradi. Kirimerning ta’kidlashicha, Gasprinskiy Zinjirli madrasasida talabalarga o‘z vazifasiga kirmaydigan fanlardan saboq berishi, eskicha o‘quv metodlarini o‘zgartirishga harakat qilishi va rus tili darslarini ko‘paytirishga intilishi sababidan mudarrislarning ta’qibiga uchraydi. Mudarrislar unga hatto o‘lim bilan tahdid qilganlaridan keyin Gasprinskiy madrasadan ketishga majbur bo‘ladi.
Gasprinskiy Zinjirli madrasasidan ketgandan so‘ng chala qolgan o‘qishini tamomlash va fransuzchasini mukammallashtirish maqsadida 1871-yili Vena, Myunxen va Shtutgart shaharlari orqali Parijga keladi. Gasprinskiyning Yevropadagi tahsili borasida ma’lumot juda kam. Lekin uning Yevropaga bo‘lgan sayohati keyinchalik e’lon qilingan “Dor ur-Rohat musulmonlari”, “Farangiston maktublari”, “Yevropa madaniyatiga bir nazari muvozana” kabi asarlarida juda keng aks etganligini va uning dunyoqarashiga chuqur ta’sir o‘tkazganligini ko‘rish mumkin. Amerikalik olim Aleksandr Beningsenning ta’kidlashicha, Gasprinskiy 1871-yili Qrimdan chiqib Parijga borgan va u yerda fransuz liberal va sotsialistlari bilan yaqindan tanishgan hamda sotsializm to‘g‘risida tanqidiy asar yozgan ilk musulmon siyosatchisi sifatida shakllandi.
Bir qancha manbalarda ta’kidlanishicha, Gasprinskiy Parijda buyuk rus yozuvchisi I.Turgenevga kotiblik qilgan, uning qoralamalarini oqqa ko‘chirgan. Lekin hech bir manbada bunga asos bo‘ladigan dalil yoki manba keltirilmaydi. Shuningdek, u fransuz tilini biroz mukammal egallagandan keyin reklama agentligida tarjimon bo‘lib ham ishlaydi. Gasprinskiy Parijda o‘qib yurgan vaqtlari Yevropaning boshqa shaharlariga borganligi haqida biror-bir ma’lumot yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, uning “Dor ur-Rohat musulmonlari”, “Yevropa madaniyatiga bir nazari muvozana” asarlarida keltirilgan fikrlar Gasprinskiyning Angliya, Ispaniya va Portugaliyada ham bo‘lganligini ko‘rsatadi.
1874-yili Gasprinskiy Parijdan Istanbulga keladi va u yerda amakisining uyida bir yil qolib ketadi. Yavuz Akpinarning ta’kidlashicha, Gasprinskiyning matbuotga chiqishi aynan Istanbulda boshlangan. U Moskva va Peterburgda nashr bo‘ladigan ayrim rus gazetalariga Istanbul va Usmonli davlati hayoti haqida “yarim xayoliy maktublar” yuborib turgan. Rus olimi L.Klimovich esa Gasprinskiy Parijda ekanligi vaqtida ham ayrim rus gazetalarining muxbiri bo‘lganligini yozadi va Fransiyadan Jazoir, Tunis, Misr va Gretsiya orqali Qrimga qaytib kelganini ta’kidlaydi. Lekin shu vaqtga qadar Gasprinskiy qaysi rus gazetalari uchun maqolalar yuborgani hamda ularning mazmuni borasida tadqiqotlar olib borilmagan va hech bir ma’lumot yo‘q.
Shu o‘rinda Gasprinskiyning Istanbulda bir yil qolib ketganiga kelsak. Gasprinskiyning Istanbuldagi amakisi Xalil afandi “Jaridai Askariya” gazetasida tarjimon bo‘lib xizmat qilgan. Ismoilbeyning Istanbulga kelishdan asosiy maqsadi, Yavuz Akpinarning ta’kidlashicha, Usmonli armiya xizmatiga kirish edi. Uning eng yaqin safdoshlaridan biri bo‘lgan Yusuf Oqchuraning yozishiga qaraganda, Gasprinskiy Istanbuldagi harbiy maktabga rus tili o‘qituvchisi bo‘lib ishga joylashish uchun murojaat qiladi va maqsadiga erishishga juda yaqin edi. Ammo Zaki Validiy To‘g‘onning aniqlashicha, bu ishdan xabar topgan Rossiya elchisi Ignatyev o‘z vazifasidan istifoda qilgan holda turk hukumatidan bunga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantiradi. “Aslida, yozadi Yavuz Akpinar, Gasprinskiy Parijga fransuz tilini mukammallashtirish uchun borishi ham Usmonli armiyasi zobiti bo‘lish istagining kuchliligidan edi”.
Gasprinskiy 1875-yili Qrimga qaytgandan so‘ng keyingi ikki yil davomida Yaltadagi bir kichik maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Bu orada u birinchi marta uylanadi. Gasprinskiyning qizi Shafiqa Gasprinskaya bu haqda shunday eslaydi: “Otam Yaltada muallimlik qilar ekan u yerdagi bir savdogar qizi bo‘lgan Samur xonimga uylanadi. Zamonaga muvofiq tahsil ko‘rmagan, tashqi dunyodan bexabar uy ichida ulg‘aygan bir qiz ekan. Otam u bilan ikki yil turmush qurib Hadicha ismli bir qiz ko‘rgan (hozirda hayotmi yo‘qmi bilmayman, ammo butun oilasi bilan Turkistonga surgun qilinganlar orasida ekanligidan xabarimiz bor). Xolalarimning aytishlariga qaraganda, uyimizning sharoitiga yaxshi ko‘nika olmagan va muhitiga u qadar moslasha olmagan ekan. Otam bilan har holda kelisha olmaganliklari sababli ajrashishgan.”
Gasprinskiyning qizi otasi uylangan yilni va vaqtni aniq ko‘rsatmaydi. Shunga qaramay Yavuz Akpinar Gasprinskiyning yaqin safdoshlaridan biri Hasan Sabri Ayvazovning ayrim maqolalardagi so‘zlariga tayangan holda bu sanani 1876-yil deb ko‘rsatadi. 1878-yili Gasprinskiy Samur xonim bilan ajrashgandan so‘ng o‘qituvchilik ishidan biroz chetlashib o‘zini siyosat va noshirlik ishiga uradi.
1876-yili Gasprinskiy birinchi marta o‘z nomzodini Bog‘chasaroy shahar Dumasi deputatligiga nomzod qilib ko‘rsatadi. Bu saylovda u olgan ovozlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallaydi. U vaqtdagi qonunlar saylovda yuqori natija olgan ammo saylanmagan nomzodga katta imtiyoz berar edi. Shu sababdan ham ukrainalik olim Viktor Gankevichning aniqlashicha, u 1878-yili mart oyida vafot etgan bir deputat o‘rniga shahar Dumasi deputatligiga saylanadi. Oradan bir oy vaqt o‘tib Gasprinskiy o‘z nomzodini e’lon qilingan shahar hokimi sayloviga qo‘yadi. Saylovda Gasprinskiy ovozlar bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egalladi. 1878-yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan shahar hokimi o‘rinbosari saylovida Gasprinskiy g‘olib chiqadi va shahar hokimligining Yozuv ishlarini boshqarish va kuzatish bo‘limiga boshliq etib tayinlanadi. V.Gankevichning ta’kidlashicha, shahar hokimi o‘zining savdo ishlari bilan band bo‘lib shahar ishlariga ko‘p vaqt ajrata olmaganligi sababli 1879-yil fevral oyida qayta saylov o‘tkaziladi va Ismoil Gasprinskiy Bog‘chasaroy shahar hokimi etib saylanadi. Bu lavozimda u 1884-yil mart oyiga qadar faoliyat olib boradi.
Ayni vaqtda Gasprinskiy Tiflisda, aka-uka Unsizodalar tarafidan nashr qilinayotgan “Ziyoi Kafkaziya” gazetasida Rossiya hududida istiqomat qilayotgan musulmon millati o‘z muammolarini muhokama qilish imkoniyatini beruvchi milliy matbuot organiga ega bo‘lishi kerakligi haqida maqola beradi. Gasprinskiy matbuotni “millatning tili” va u orqaligina millat o‘zini himoya qila olishi mumkinligiga urg‘u beradi va “qisqasini aytganda, o‘z matbuoti va adabiyotiga ega bo‘lmagan millat ko‘r va soqov odamga o‘xshaydi”, deb yozadi.
Ismoil Gasprinskiy 1879-yildan boshlab gazeta tashkil qilish harakatiga tushdi. Lekin uning barcha so‘rovnomalari davlat idoralari tarafidan javobsiz qoldirildi yoki rad javobi berildi. Turkiston viloyatining so‘nggi general-gubernatori general A.N.Kuropatkin (1848-1925) 1917-yili o‘z xotiranomasida yozganidek, “so‘nggi 50 yil davomida biz [ruslar] mahalliy xalqlarni taraqqiyot, maktab va rus hayotidan uzoqroq tutdik”. Viloyatlardagi rus ma’muriyatlari “g‘ayri rus” bo‘lgan mahalliy millatlarga oid deyarli barcha narsalarni inkor qilish siyosatini olib bordi. Shu siyosat doirasida ular mahalliy tillarda gazetalar, hatto ular davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi dastur asosida bo‘lsa ham nashr qilinishiga ijozat bermadi.
Gasprinskiy 1879-yil 20-noyabrda Rossiya Ichki ishlar vaziri L.Makov (1830-1883) nomiga tatar tilida haftalik “Faydali eglenje” (“Foydali ma’lumot”) nomida gazeta yoki jurnal chiqarish uchun ruxsat so‘rab maktub yo‘llaydi. U yozgan maktubida “Ziyoi Kafkaziya” gazetasidagi maqolasida bildirilgan fikrlarni yanada kengroq tushuntirishga harakat qiladi. Uning bu talabnomasi vazir tarafidan rad etildi. Shundan so‘ng Gasprinskiy “Maktab” nomida bir gazeta chiqarish uchun murojaat qiladi. Uning bu safargi murojaati ham vazirlik tarafidan salbiy qarshi olindi. Oradan 15 yil o‘tib Gasprinskiy ushbu “Maktab” gazetasini “Tarjimon”ning 1897-yil 42-sonidan boshlab unga ilova sifatida nashrini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. “Maktab” gazeta o‘quvchilarni sodda va qisqa ilmiy ma’lumot va kichik hikoyalar bilan tanishtirib bordi. Ushbu ilovada nashr etilgan ma’lumotlar Gasprinskiyning usuli jadid maktablari uchun mo‘ljallangan “Xojai Sibyon” darslik kitobining keyingi to‘ldirilgan nashrlaridan o‘rin oldi. 1880-yilning oxirlarida Gasprinskiy Ichki ishlar vaziriga yana boshqa bir ariza bilan murojaat qiladi va “Qonun” nomida axborot va adabiy varaqa chiqarish uchun ruxsat so‘radi. Bu safar vazirlik amaldorlari varaqani senzura qilish uchun Simferopolda senzura organning biror xodimi yo‘qligini vaj qilib, uni chiqarishga yana ruxsat bermadi.
Gasprinskiy uzoq urinishlar va harakatlar natijasida 1881-yili “To‘ng‘ich” va “Shafaq” nomida ikki kichik varaqa chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Gasprinskiy bu kichik gazetalarni chop qilib tarqatar ekan, uning asosiy maqsadi musulmonlar ona tillaridagi bu gazetalarni qanday qabul qilishi va dindan tashqarida bo‘lgan masalalar muhokamasiga ne darajada e’tibor qaratishini o‘rganishdan iborat edi. “To‘ng‘ich”ning birinchi nashri sifati o‘ta yomon chiqqanidan Gasprinskiy uni qaytadan ikkinchi marta nashr qilishga majbur bo‘ladi. Ushbu gazeta Qrimdan tashqari Volgabo‘yi musulmonlari orasida ham tarqaldi va aholi tarafidan yaxshi qabul qilindi. Shundan so‘ng “Shafaq” “To‘ng‘ich”ning davomi sifatida dunyo yuzini ko‘rdi. Ikkala varaqa ham Tiflisdagi aka-uka Unsizodalar bosmaxonasida chop etildi. Chunki bu vaqtga qadar Gasprinskiyning tipografik uskuna sotib olish uchun bergan arizasiga javob chiqmagan edi.
Gasprinskiy o‘z gazeta-varaqalarini nashr qilar ekan, birinchi o‘rinda o‘quvchi va obunachi masalasini hal qilishi kerak edi. 1881-yilning avgust oyida u Butunrossiyadan musulmon savdogarlar va ishlab chiqaruvchilar yig‘iladigan Nijniy Novgorod ko‘rgazma-bozoriga bordi. Bu ko‘rgazma-bozorda turkistonlik savdogarlar ham ishtirok etishgan. O‘z safari davomida Gasprinskiy ko‘p savdogarlar bilan milliy ta’lim va matbuot borasida muzokaralar olib boradi va izdoshlar topishga muvaffaq bo‘ladi. Muzokaralar natijasida ushbu savdogarlar pochta orqali yuboriladigan gazeta sonlarini o‘zlari istiqomat qiladigan viloyatlarda tarqatishni o‘z zimmalariga oldilar. Gasprinskiy Nijniy Novgoroddan Bog‘chasaroyga 250 obunachi ro‘yxati bilan qaytib keldi. Bu obunachilar keyinroq “Tarjimon” gazetasining birinchi o‘quvchilari ham bo‘ldilar.
1882-yilning o‘rtalaridan boshlab Gasprinskiy doimiy ravishda nashr qilinadigan gazeta uchun ruxsat olishga qattiq kirishadi. Ayni vaqtning o‘zida u ikki yozma asar – “Solnomai Turkiy” va “Mir’oti Jadid”ni nashrdan chiqardi. “Solnomai Turkiy” almanax uslubida yozilgan edi. Gasprinskiy ushbu asarni yozishda rus, turk va fransuz tillarida chop bo‘lgan turli statistik, geografik asarlardan, almanaxlardan foydalandi. “Solnomai Turkiy”ning mundarijasi keng qamrovli bo‘lib, tarix, geografiya, zamonaviy hodisa va voqealar, turli davlatlar ta’lim tizimi, matbuoti va boshqa mavzularni o‘z ichiga oldi. “Mir’oti Jadid” esa 14 betlik broshyura bo‘lib, turli hayvonlar, haj ziyoratiga boriladigan yo‘l, choy yetishtirilishi, qisqacha Istanbul tarixi haqida ma’lumotlardan va ularga bog‘liq bo‘lgan rasmlardan iborat. Bu ikki asardan ko‘zlangan maqsad musulmon aholiga tevarak-atroflari haqida ma’lumot berish edi.
Bir yil davom etgan harakat natijasida Ismoil Gasprinskiy 1883-yil 10-aprelda “Tarjimon” gazetasining birinchi sonini bosmadan chiqardi. Gasprinskiy “Tarjimon”ning birinchi uch yili davomida uning mundarijasi va ruknlarini kengaytirish va to‘ldirish maqsadida hukumat idoralariga 7 marta murojaat qiladi va har safar ijobiy javob oladi.
“Tarjimon” gazetasi chiqa boshlaganidan boshlab 20 yil davomida Rossiya imperiyasidagi yagona musulmon matbuoti bo‘lib qoldi. Bu davr mobaynida gazeta haftasiga 1-2 marta kichik hajmda nashr bo‘ldi. Lekin bu kichik gazetaning turkiy millatlarga ko‘rsatgan ta’siri juda katta edi. “Tarjimon”ning ta’siri ostida Rossiya imperiyasining turli burchaklarida musulmonlar tarafidan ko‘p sonli yangi maktablar ochildi, ko‘plab xayriya jamiyatlari tashkil etildi, yangi adabiyot shakllandi. Gasprinskiy juda mohir so‘z ustasi edi. U jumlalarni sodda, qisqa va lo‘nda ifodalovchi uslub qo‘lladi; “Tarjimon”ning “o‘rta” tilini yaratdi. Gasprinskiy butun turkiy millatlarni “Tarjimon”ning yagona adabiy tili ostida birlashtirishni orzu qildi. Buning uchun umrining oxiriga qadar “Tilda, fikrda va ishda birlik” shiori ostida kurashdi.
Ismoil Gasprinskiy “Tarjimon”da Turkiston uchun alohida e’tibor qaratdi. Gazetaning birinchi yillarida faqat rasmiy gazetalardan olingan xabar va ularga o‘zi yozgan sharhlar bilan chegaralangan bo‘lsa, keyinchalik bu ishga bevosita turkistonliklarni jalb qilishga kirishdi. Gazetaning 1885-yilgi sonlarida Turkiston harbiy kampaniyasida ishtirok etgan general A.Kuropatkinning (1848-1925) o‘lkani zabt etilishi bilan bog‘liq xotiralarini chop etdi va alohida kitobcha shaklida ham nashrdan chiqardi. Keyinchalik 1906-yilda esa Kuropatkining bu xotiralariga o‘z qarashlarini ilova qilgan holda “Tarixi jadidi Turkiston” nomi bilan turkum maqolalarini e’lon qildi. Gasprinskiy ayniqsa Turkiston xonliklarining Rossiya bilan munosabatlariga katta e’tibor qaratdi. Bu xususda Buxoro-Rossiya aloqalari alohida ahamiyat kasb etadi. Gasprinskiyning bu boradagi maqolalari va qarashlari tahlil etilganda uning Buxoroga bo‘lgan qiziqishi kuchli ekanligi yaqqol sezilib turadi. Uni ko‘proq Buxoro madrasalari qiziqtiradi. Gasprinskiy umrining oxiriga qadar ushbu madrasalarga ma’rifatchilik g‘oyalarini tatbiq etish istagi bilan o‘tdi. Uning so‘zlari bilan aytsak, Gasprinskiyning “Yevropa sivilizatsiyasi ta’sir qilmagan” Turkistonda o‘z g‘oyalarini yoyishga ishtiyoqi baland edi. Mana shu sabablar uni Turkistonga yetakladi.
Gasprinskiy Turkistonga bo‘ladigan safari oldidan “Tarjimon”da o‘lka hayoti, tarixi va geografiyasiga oid turkum maqolalar beradi va gazeta o‘quvchilarini Turkiston bilan oshno qiladi. Ayniqsa Gasprinskiyning Buxoro amirligi haqidagi maqolalari ancha ma’lumotlarga boy edi. Muallif Buxoroning buyuk o‘tmishi, madrasalari va hukmdorlari borasida ancha qiziqarli faktlarni keltiradi. 1893-yilning fevral oyida Buxoro amiri Abdulahadxon (1859-1910) Peterburg safaridan qaytishda Bog‘chasaroyga keladi. Yuksak mehmonni kutib oluvchilar qatorida Gasprinskiy ham bor edi. Bu ikki shaxs 1883-yildan e’tiboran g‘oyibona tanish edilar. O‘shanda valiahd bo‘lgan Abdulahadxon Gasprinskiyga “Tarjimon”ga obuna bo‘lish istagi bitilgan telegramma yuborgan edi. Oradan 10 yil o‘tgandan so‘ng ular ko‘rishishga muvaffaq bo‘ldi. Bu ko‘rishuv natijasida Abdulahadxon Gasprinskiyni rasman Buxoroga taklif qiladi. Keyinchalik Ismoilbey bu taklif anchadan beri rejalashtirilib kelayotgan safarga katta turtki berganini yozadi.
Gasprinskiy Turkistonga birinchi sayohatini 1893-yil may oyida boshlaydi. Bu safardan ko‘zlangan maqsad, Gasprinskiyning yozishicha, Turkistonning haqiqiy tarixi va o‘sha davrdagi ahvoli bilan yaqindan tanishish bo‘lgan. Gasprinskiy safar davomida yana mahalliy musulmon ziyolilari bilan tanishish hamda ular orasidan o‘z maslakdoshlarini topishni; “Tarjimon”ni o‘lkada keng targ‘ib qilish va yangi obunachilarga ega bo‘lishni; yangi usul maktabi ochishni rejalashtiradi. Safardan so‘ng “Tarjimon” sahifalarida e’lon qilingan sayohat kundaliklarida Gasprinskiy Turkistonda bo‘lgan uchrashuvlari, suhbatlari haqida batafsil ma’lumot bermaydi va bunday holatni gazeta imkoniyatlari cheklanganligi bilan izohlaydi. Amerikalik olim Lazzerinining qayd etishicha, Gasprinskiyning Turkistonga safaridan ko‘zlangan asosiy maqsad rus va mahalliy amaldorlarni yangi usul maktabi ishiga jalb qilish bo‘lgan.
Gasprinskiy poyezd bilan yangi Buxoroga yetib kelgach, birinchi navbatda Rossiya siyosiy agentligi ma’murlari bilan ko‘rishadi va tashrif maqsadini bildiradi. Mehmonning rasmiy taklif bilan kelganligi darhol Buxoro amiri devonxonasiga bildiriladi. Shundan so‘ng Ismoilbey qushbegi bilan ko‘rishadi va yuksak mehmonlar uchun belgilangan joyga joylashtiriladi. Amir Abdulahadxon bu vaqtda Shahrisabzda bo‘lganligi uchun Gasprinskiy Buxoroda u bilan ko‘risha olmaydi. Sayohatining so‘ngida Shahrisabzga tashrif buyuradi va amir bilan u yerda ko‘rishadi.
Qushbegi yordamida Gasprinskiy Buxoroning boshqa yuqori martabalari amaldorlari: devonbegi va Qozi Kalon bilan uchrashadi. U vaqtda Buxoroning barcha ta’lim muassasalari qozi kalon tasarrufida edi. Buni bilgan Gasprinskiy imkoniyatdan foydalangan holda qozi kalonni ta’limning yangi usuli bilan batafsil tanishtiradi va o‘zining “Hojai sibyon” darsligini hadya qiladi. Qozi kalon Gasprinskiy taqdim qilgan yangi ta’lim usul juda samarali va foydaliligini ma’qullaydi.
Buxoroda Gasprinskiy maktab va madrasalarga borib, u yerdagi hayot bilan tanishadi. O‘quvchi va talabalar bilan suhbat qiladi. Buxoroda 4 kun bo‘lgach, Gasprinskiy Samarqandga qarab yo‘l oladi. Samarqandda ham u birinchi navbatda rus ma’muriyatiga uchraydi. Uni Samarqand harbiy gubernatori graf Rostovsev qabul qiladi. Gasprinskiy gubernator bilan bo‘lgan yarim soatlik uchrashuv davomida u bilan o‘zini qiziqtirgan barcha masalalar: gazetadan maktabgacha suhbatlashib ulguradi. Suhbatdan ta’sirlangan gubernator “Tarjimon”ga obuna bo‘lish istagini bildiradi va Gasprinskiyga maktablar borasida batafsil ma’lumot olish uchun shahardagi rus-tuzem maktabi o‘qituvchisi bilan uchrashishni maslahat beradi. Afsuski, maktablarda yozgi ta’til bo‘lganligi sababli Gasprinskiy gubernator aytgan muallimni topa olmaydi. Samarqandda ham 4 kun bo‘lish davomida Gasprinskiy shaharning rus va mahalliy qismlari bilan batafsil tanishib chiqadi. Ismoilbey Samarqandda safardan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri – yangi maktab ochishga muvaffaq bo‘ladi. Maktab norasmiy tarzda ochilishiga qaramay xalq orasida tez shuhrat qozondi.
Samarqanddan so‘ng Gasprinskiy Turkistonning bosh shahri – Toshkentga keladi. Buxoro va Samarqanddan farqli o‘laroq u shaharga kelishi bilanoq rus ma’murlari huzuriga bormadi. Uni Toshkentga kelishini mahalliy ziyolilar kutayotgan edilar. Gasprinskiyni Toshkentning mashhur qozilaridan Muhyiddinxo‘ja kutib oladi va uni o‘z uyiga taklif qiladi. O‘sha kuni Muhyiddinxo‘ja uyiga Toshkentning barcha ko‘zga ko‘ringan musulmon ziyolilarini yig‘adi va Gasprinskiy sharafiga katta ziyofat beradi. Gasprinskiy Toshkentda shunday bir ziyoli jamoani ko‘rdiki, bu uning Turkiston haqidagi barcha tasavvurlarini tubdan o‘zgartirib yubordi. Ismoilbey rus matbuotda turkistonliklar “savodsiz va johil” sifatida bong urayotgan xabar va ma’lumotlar asossiz ekanligiga amin bo‘ladi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Gasprinskiy Toshkentda 6 kun qolib ketadi.
Toshkentda ekan Gasprinskiy Turkiston general-gubernatori baron A.Vrevskiy (1834-1910) hamda o‘lka ta’lim tizimiga mas’ul bo‘lgan shaxslardan biri N.Ostroumov (1846-1930) bilan ham ko‘rishadi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar tafsilotlari bizga noma’lum. Shunday bo‘lsa-da, Gasprinskiyni birinchi navbatda 1892-yili Turkiston general-gubernatoriga ta’lim sohasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan islohotlar haqida fikrlari bildirilgan maktubining taqdiri qiziqtirgani, shubhasiz. Bu masala N.Ostroumov bilan muhokama qilinganligi ehtimoli ko‘proq. Gasprinskiy Ostroumovni 1880-yillardan ancha yaxshi tanigan va o‘lka ta’lim tizimiga katta ta’sir o‘tkazuvchi shaxs ekanligini yaxshi bilar edi. Ismoilbey Ostroumov bilan yangi usul maktablari borasida ham suhbatlashadi va Samarqandda ochilgan maktabni rasman ro‘yxatdan o‘tishiga ko‘maklashishini iltimos qiladi. Lekin Ostroumov bergan va’dalari ustidan chiqmadi.
Gasprinskiy Toshkentdan yana Samarqandga qaytadi. U yerda uni Shahrisabzga olib borish uchun amir tarafidan yuborilgan odamlar kutib turgan edilar. Ayni shu vaqtda Samarqandga yetib kelgan taniqli pedagog, bokulik Majid G‘anizoda (1866-1937) Gasprinskiyga hamroh bo‘ladi. Safar so‘ngida Majid G‘anizoda Gasprinskiyning iltimosiga binoan Samarqandda 40 kun qolib yangi usul maktabida dars berish bilan bir qatorda mahalliy muallimga usuli jadid asoslaridan ham saboq beradi.
Gasprinskiy Shahrisabzga Qurbon hayiti arafasida yetib keladi va Abdulahadxon bilan bayram namozidan so‘ng ko‘rishishga muvaffaq bo‘ladi. Ularning bu ko‘rishuvi rasmiy tarzda bo‘lib, 15 daqiqagina davom etadi. Gasprinskiyning Abdulahadxon bilan asosiy ko‘rishuvi va suhbati o‘sha kuni tushdan keyin bo‘ladi. Bu safar ular batafsil suhbatlashish imkoniga ega bo‘ladilar. Suhbat chog‘ida Gasprinskiy Buxoroda yangi usul maktabi ochish masalasini o‘rtaga qo‘yadi. Chunki Abdulahadxon Ismoilbey bilan Bog‘chasaroyda ko‘rishgan vaqtida unga Buxoroda yangi usul maktabi ochishga va’da bergan edi. Ammo amir va’dasining ustidan chiqmadi. Abdulahadxonning bu tarzda harakat qilishiga sabab, Lazzerining fikriga qaraganda, amir davlat ichida olib boriladigan barcha ishlarda bevosita diniy ulamolar izmida bo‘lib, ularga qarshi harakat qila olmas edi. Buxoro hayotidagi har qanday yangilik ulamoning qarshiligiga uchrashi va ular xalqni amirga qarshi ko‘tarishlari mumkin edi. Abdulahadxon buni juda yaxshi bilar edi. Boshqa tarafdan Rossiya ham Buxoroda har qanday o‘zgarishlarga qarshi turar edi.
Gasprinskiyning Turkistonga ikkinchi sayohati 1908-yilga to‘g‘ri keldi. Bu galgi safar oldingisidan maqsad jihatdan butunlay farq qiladi. Gasprinskiyning birinchi sayohatidan, yuqorida aytilganidek, ko‘proq tanishishni maqsad qilgan bo‘lsa, ikkinchi sayohat esa aniq, rejalashtirilgan maqsadga ega edi.
Masalaning mohiyatini yaxshiroq anglash uchun mavzudan biroz chetlashishimizga to‘g‘ri keladi. 1905-yil oktabrda oq podshoh tomonidan e’lon qilingan manifestdan so‘ng Rossiyadagi musulmon jamiyati yangi bir yo‘lga chiqdi. Yangi yo‘lboshchilar, yangi g‘oyalar va oqimlar paydo bo‘ldi. Ayni shu vaqt liberal pozitsiyada turuvchi Gasprinskiyning mavqeyi biroz e’tibordan tusha boshladi. Chunki yangi yo‘lboshchilar chor hukumatining oldiga aniq siyosiy talablar qo‘yish, manifest bilan berilgan erkinliklardan ko‘proq manfaatga ega bo‘lishga da’vat qila boshladilar. Gasprinskiy bu kabi tez harakatlarni umuman ma’qullamadi va birdan katta siyosiy talablar bilan chiqishga qarshi edi. Bu esa o‘z navbatida uning siyosiy mavqeyiga ta’sir etmay qolmadi. Abdurashid Ibrohimov (1857-1944) boshchiligidagi federalistlar musulmonlar yashaydigan hududlarga muxtoriyat maqomi berilishi tarafdorlari sifatida o‘rtaga chiqdi. Gasprinskiy va Ibrohimov orasida katta siyosiy kelishmovchilik chiqadi va ikkisi bir-biriga qarshi harakat qila boshladilar. Musulmon jamoasi orasida siyosiy bo‘linish bo‘ldi. Shundan so‘ng Gasprinskiyning o‘zi yozishiga qaraganda, musulmonlar orasida bo‘layotgan barcha narsalardan ko‘ngli “sovib ketgan”.
1908-yilning boshlarida Gasprinskiy yangidan, 1905-1907-yillar orasida bo‘lib o‘tgan siyosiy jarayonlardan keskin farq qiladigan siyosiy ish boshlash harakatiga tushdi. Ayni shu vaqt u o‘zining uzoq yillar davom etgan pedagog sifatidagi faoliyati tugaganligini va faoliyatining ikkinchi, yanada shiddatli, kuchli siyosiy davri boshlanganligini e’lon qiladi. Gasprinskiy yangi siyosiy faoliyatga kirishar ekan “Tarjimon”ni ham sof siyosiy dastakka aylantirish fikriga keladi.
1908-yil bahorida “Tarjimon”ning keng nishonlangan 25 sanalik yubileyi Gasprinskiyga yana-da katta kuch beradi va boshlayotgan ishlariga ilhom bag‘ishlaydi. U “Tarjimon” orqali o‘z izdoshlari va hammaslaklariga ochiq maktub bilan murojaat qiladi va o‘ylagan fikrlarini bildiradi. Gasprinskiy bu xat orqali joylardagi o‘z izdoshlaridan gazetaga ko‘proq obunachi jalb etishni so‘raydi va shaharlar ro‘yxati bilan lozim bo‘lgan obunachilar sonini e’lon qiladi. Turkistondan jami 248 obunachi talab qilinadi. Gasprinskiyning turkistonlik izdoshlari bu chaqiriqqa birinchilardan bo‘lib javob beradilar va tez orada istalgan miqdordagi obunachilarni yig‘adilar.
Oradan oz vaqt o‘tib Gasprinskiy musulmonlarga ikkinchi ochiq maktub bilan murojaat qiladi. Bu safar u to‘la siyosat ishiga berilayotgani va “Tarjimon”ni Peterburgga ko‘chirib davlat Dumasidagi Musulmon fraksiyasining siyosiy organiga aylantirish istagida ekanligini bildiradi. Gasprinskiy o‘zining eng yaqin hammaslaklaridan bo‘lgan Alimardon To‘pchiboshevga (1865-1934) yozgan maktubidagi fikrlarni amalda qo‘llashga kirishadi.
Gasprinskiy yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun o‘ziga madad qidiradi va Rossiyaning musulmonlar yashaydigan hududlariga 2 oylik safar uyushtirishni rejalashtiradi. Uning 1908-yilgi Turkiston sayohati ham ko‘mak izlashni maqsad qilgan edi. Gasprinskiyning ikkinchi sayohati birinchisidan aynan shu jihati bilan farq qiladi.
Gasprinskiy ikkinchi sayohatnomasi kundaliklarida ko‘proq Turkistonning siyosiy muammolariga e’tibor qaratadi: ruslarning turkmanlarga qarshi urushi, shaharlar qurilishi, shaharlarning musulmonlar yashaydigan qismlari ahvoli, rus muhojirlarining o‘lkaga ko‘chirib kelinishi, tatarlarning Turkistonda mol-mulk ololmasligi va hokazo. Gasprinskiyning bu safardan maqsadi Samarqand shahri edi. Bu shaharda uning Turkistondagi eng yaqin maslakdoshi Mahmudxo‘ja Behbudiy istiqomat qilardi.
Gasprinskiyning Buxoro amiri bilan bo‘lgan uchrashuvi juda qisqa bo‘lib, rasmiyatchilikdan nari o‘tmaydi. Bu vaqt Gasprinskiy Buxoroda ko‘rganlaridan Abdulahadxondan bir narsani amalga oshirishiga umid ham qilmay qo‘yganligi sezilib turadi. O‘z yozuvlarida u Buxoro hukumatining ichki siyosatini qattiq tanqid ostiga oladi. “Agar ish shu tariqa davom etsa, — yozadi u, — shak-shubhasiz Buxoro yaqin orada Turkiston general-gubernatorligining bir viloyatiga aylantiriladi”. Bu bilan Gasprinskiy oxirgi vaqtlarda rus amaldorlari va olimlarining Buxoro to‘g‘risida matbuotda paydo bo‘la boshlagan fikrlariga o‘z munosabatini bildirib o‘tadi va Buxoro amirligi nima bo‘lganda ham tugatilmasligi, yashab qolishi kerakligini aytadi.
Gasprinskiy Buxoroda ushlanib qolmasdan to‘g‘ri Samarqandga yo‘l oladi va shaharga keliboq Behbudiy homiylik qilayotgan Abdulqodir Shakuriyning yangi usul maktabiga boradi. Samarqandda Gasprinskiy bir hafta turadi. U Behbudiy bilan bo‘lgan uzoq suhbatlari haqida bizga hech qanday ma’lumot bermaydi. O‘z fikrlari tasdig‘ini topmaguniga qadar bu haqda bildirishni istamagan ko‘rinadi. Gasprinskiy jo‘nab ketganidan keyin Behbudiy Toshkentga va Farg‘ona vodiysiga safar qiladi. Uning bu safari haqida hech qayerda biror-bir ma’lumot uchratmaymiz. Oradan bir yil o‘tib “Tarjimon”da e’lon qilingan bir maqolasida Behbudiy ushbu safari haqida eslatib o‘tadi. Gasprinskiy Turkistonda faqatgina Behbudiy bilan o‘ziga xos “muzokara” olib bordi. Hatto Toshkentga ham kelmadi. Behbudiyning Toshkentga va Farg‘ona vodiysiga bo‘lgan safarini esa Gasprinskiy bilan bo‘lib o‘tgan “muzokara”larning samarasi, deb qarash mumkin. Gasprinskiyning yangi dasturining Turkistondagi tamsilchisi Behbudiy bo‘lib, u boshqa musulmon ziyolilariga uni yetkazishni zimmasiga olgan ko‘rinadi.
Gasprinskiy Qrimga qaytar ekan, Samarqanddaligi vaqtida Buxorodan ikki kishi kelib undan qozi kalon bilan yangi usul maktabi ochish borasida yana bir bor gaplashib ko‘rishini iltimos qilganliklari sababli u yerda ikki kun qolishiga to‘g‘ri keladi. Uning qozi kalon bilan uchrashuvi besamar bo‘lmadi. Yangi maktab ochilishiga qozi kalon rozilik beradi. Gasprinskiyning buxorolik ziyolilari bilan suhbatidan keyin majlisdagilar shaharda ikki yildan beri faoliyat olib borayotgan tatar maktabini kengaytirishga va unga mahalliy aholi bolalari ham qabul qilinishiga kelishib oladilar.
Gasprinskiyning 1908-yilgi Turkiston sayohati qisqa bo‘ldi. Chunki u Rossiya bo‘ylab rejalashtirgan ikki oylik ish sayohatini vaqtida tugallashga shoshilar edi. Gasprinskiy Turkistonga 15 yil oralig‘ida qilgan ikki sayohatidan ko‘zlagan maqsadlariga yetdi. Bu sayohat unga ham, turkistonlik izdoshlariga ham foydadan xoli bo‘lmadi.
Zaynobidin Abdirashidov, falsafa doktori, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori
Izoh (0)