Kuchli yomg‘irlar oqibatida Avstraliyaning sharqiy qirg‘oqlarida so‘nggi 50 yil ichidagi eng yirik suv toshqini boshlandi, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

Yangi Janubiy Uels shtati bosh vaziri Gledis Berejiklyan ma’lum qilishicha, vaziyat dastlab kutilganidan yomonroq bo‘lib chiqdi.

“Kecha biz bunday hodisa 20 yilda bir marta yuz bersa kerak, deb umid qilgan edik, ammo endi bu 50 yilda bir marta sodir bo‘ladigan hodisani eslatmoqda”, — dedi Berejiklyan 21-mart kuni o‘tkazilgan brifingda.

Foto: EPA

Sidney shahridagi ba’zi tumanlar aholisiga yarim tunda o‘z uylarini tark etish tavsiya etilgan edi, chunki tez harakatlanayotgan suv oqimlari katta vayronagarchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Mingga yaqin odam evakuatsiyada yordam so‘ragan, shuningdek, yana 4 ming odam o‘z uylarini tark etishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Avariya xizmatlari allaqachon zarar ko‘rgan uylar sonini aniqlashtirmoqda.

Shtatdagi bir qancha yirik yo‘llar yopilgan, ko‘plab maktablar 21-mart, dushanba kungi darslarni bekor qildi.

Foto: EPA

Meteorologlar jala yana bir necha kun davom etishini ma’lum qildi. Avariya brigadalari yomg‘ir boshlangan 18-mart, payshanba kunidan buyon yordam so‘rab murojaat qilingan 6 mingga yaqin chaqiruvlarni qayd etdi, shularning 700 tasi to‘g‘ridan to‘g‘ri qutqaruv haqidagi so‘rovlardir.

Foto: EPA

Favqulodda ob-havo sharoiti butun Yangi Janubiy Uels bo‘ylab COVID-19’ga qarshi vaksina yetkazib berish sharoitlariga ham ta’sir o‘tkazdi. Kelasi hafta davomida deyarli 6 ming kishiga birinchi dozalarni yetkazib berish bo‘yicha rejalar buzilgan.

Foto: EPA

Avvalroq Avstraliyada Sidney shahridan g‘arbdagi suv toshqinidan jabr ko‘rgan tumanlar aholisi evakuatsiya qilinayotgani xabar berilgan edi. Yangi Janubiy Uels hamda Sidney yaqinidagi g‘arbiy tumanlarda daryolar qirg‘og‘idan toshib chiqdi. Sidneydagi asosiy suv manbai — Varragamba to‘g‘onida esa 20-mart kuni suv toshib chiqishni boshladi, bu Nepin va Xoksberi daryolarida suv sathi ko‘tarilishiga olib keldi. Meteorologiya byurosi butun shtat bo‘ylab daryolar toshishi haqida ogohlantirdi.

Foto: EPA